Hayotimizni gadjetlarsiz tasavvur qila olmaymiz. Ular bizga hamma joyda — uyda, ishda, mashina, sportzal, do‘kon va dam olishda hamrohlik qiladi. Yagona egallanmagan vaqt hozircha uyqu, biroq yaqin vaqt ichida unga ham navbat keladi, deb yozadi InsiderPro.
Texnologik kompaniyalar o‘sib borishi bilan har bir mijozdan daromad olishning yangi-yangi usullarini qidirmoqda. Jang maydoni esa eng cheklangan resursingiz — vaqt.
Bu kurash uyg‘ongan vaqtingizdan uxlashingizga qadar uzluksiz davom etadi. Biroq odamlar o‘z vaqtining katta qismini (ofis ishchilari va talabalardan tadbirkorlarga qadar) ish va dam olishga sarflaydi. Dunyoning oltita eng yirik texnologik kompaniyalari — Google, Amazon, Apple, Microsoft, Facebook va Samsung mahsulotlarining aksariyati aynan mazkur sohalarga to‘g‘ri keladi.
Kompaniyalar odatiy kun faqat ish va ko‘ngilochar mashg‘ulotlardan ko‘proq narsalarni o‘z ichiga olishini yaxshi tushunadi va faoliyatning boshqa sohalarini ham qamrab oluvchi mahsulotlarni borgan sari ko‘proq taklif qilmoqda.
Faqat bir kompaniya mahsulotiga tayanuvchi mijozning vazifasi — qurilmalar va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidan aniq chegara chizmaslik. Birgina Apple misolida ko‘rsak — u qurilmalar va dasturiy ta’minot kombinatsiyasini taklif qilib katta muvaffaqiyatlarga erishgan birinchi kompaniyalardan biri. Apple’ning asosiy mahsulotlari — bu telefonlar, planshetlar va noutbuklar. Biroq bu bozorda o‘sish sekinlashib borishi bilan kompaniya yangilashlar hisobiga har bir qurilmaning ko‘proq sotilishiga erishish uchun dasturiy ta’minotga ko‘proq ishonmoqda.
Masalan, uyni avtomatlashtirish uchun infratuzilma HomeKit, tibbiy ma’lumotlar bazasi HealthKit va avtomobilni boshqarish interfeysi CarPlay doim ularga suyanishingizni ko‘zlaydi va sizga ular bilan bog‘liq ilovalarni sotadi. Kompaniya Apple TV’ni Apple Watch yordamida nazorat qilish imkonini berib, mahsulotlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishga intiladi.
AQSh Mehnat statistikasi bo‘yicha byuro ma’lumotlariga asoslangan diagrammalar kunning ma’lum bir qismiga qaysi mahsulotlar mo‘ljallanganligini ko‘rsatadi.
Dasturiy ta’minot va servislar bozorining Google kabi gigantlari aksincha xaridor e’tiborini asosiy mahsulotlariga qaratish uchun yangi qurilmalar yaratmoqda. O‘tgan yili Pixel paydo bo‘lgandan so‘ng foydalanuvchilar smartfonga Ok, Google so‘zlari bilan murojaat qilib qidiruv xizmati vositalaridan foydalanishi mumkin bo‘ldi. Android asosidagi telefonlar foydalanuvchilarga kompaniyani baholash yoki suratlarga geoteglar qo‘yishni taklif qiladi. Bu Google ekotizimida ma’lumotlarni to‘ldirish va foydalanuvchilarni qaytarish imkonini beradi.
Bloomberg Intelligence ma’lumotiga ko‘ra, Google har yili Shimoliy Amerika hududida har bir foydalanuvchidan 152 dollar daromad qiladi — bu asosan reklamadan tushgan daromad. Shu tariqa, o‘zingiz haqidagi ma’lumotlarni Google uchun qanchalik tez-tez oshkor etsangiz, kompaniya uchun mijoz sifatida shunchalik qadrlisiz. Facebook uchun ham aynan shu qoida ishlaydi — bu kompaniya foydalanuvchidan yiliga o‘rtacha 78 dollar daromad qiladi.
Bundan keyin kengayish uchun ham maydon mavjud. Biz yo‘lga sarflagan vaqt hozircha zaif qamrab olingan va texnologik gigantlar qo‘shimcha kontent va xizmatlarni sotish uchun yangi darchani his qilmoqda. Aynan shuning uchun ularning ko‘pchiligi avtomobil biznesiga qiziqadi: avtonom boshqaruvdagi avtomobilda bo‘lgan mijoz film ko‘rish yoki xaridlarni onlayn amalga oshirish uchun ko‘proq vaqtga ega.
Qat’iy raqobat bu yerda tiyib turish omili emas. Masalan, Amazon internetdagi savdo hududida yetakchilik qiladi va maishiy buyumlarni Amazon Echo yordamida Alexa orqali buyurtma qilishingizni istaydi. Biroq bu Google’ning o‘z servisi Shopping Express’ni ochishi, Apple’ga esa kontaktsiz to‘lov uchun iPhone va Watch qurilmalarini qo‘llashiga to‘sqinlik qilmadi.
Bu sohalarning barchasini qamrab olishning umumiy daromadi kutilgandan ortiq bo‘lishi mumkin. Apple, Amazon, Google, Microsoft va Facebook’ning sun’iy intellektga ega mahsulotlari bor. Ular ma’lumot to‘playdi, sizga nima yoqishi mumkinligini bashorat qilib, mazkur ma’lumotni sizning e’tiboringizga havola qiladi. Ularning virtual yordamchilari — Siri, Alexa, Google Assistant, Microsoft’da Cortana va Facebook’da M — dasturlar o‘rtasida tobora ko‘proq bog‘lovchilik qilmoqda.
Sutkaning faqat bir vaqt oralig‘i hozircha texnologik kompaniyalar tomonidan qamrab olinmagan — bu tungi sakkiz soatlik uyqu vaqti. Biroq yaqin vaqt ichida barchasi o‘zgarishi mumkin. Masalan, yaqinda Apple qiymati 150 dollarlik uyqu monitorlarini ishlab chiqaruvchi Beddit kompaniyasini sotib oldi. Uyqu uchun mahsulotga ega bo‘lgan Apple sutka davomidagi inson faoliyatining deyarli barcha turini o‘z nazoratiga oladi. Tarixiy tajribaga tayanadigan bo‘lsak, yaqin vaqt ichida uyqungizga boshqa kompaniyalar ham chang solishini taxmin qilish mumkin.
Izoh (0)