Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi yangi mavsumga tayyorgarlikning birinchi qismini Amirliklarning Dubay shahrida olib boradi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.
Ketma-ket ikki bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan “temiryo‘lchilar”ning Dubaydagi yig‘ini 9-yanvar kuni start oladi va 23-yanvarga qadar davom etadi. Bungacha poytaxtning boshqa bir grandi “Paxtakor” Turkiyaning Belek shahriga jo‘nab ketgandi.
“Paxtakor” Turkiya 3-ligasi vakilini taslim qildi. Lobanov bir emas, 2 ta penalti qaytardi
“Lokomotiv” sinov-nazorat o‘yinlari uchun nisbatan jiddiyroq raqiblarni afzal bilgani e’tiborga molik. 14-yanvar kuni Shotlandiyaning “Aberdin” klubiga qarshi maydonga chiqadigan Mirko Yelichich shogirdlari, 19-yanvar kuni Rossiyaning “Rubin”, 22-yanvarda esa “Krasnodar” klublari bilan to‘qnash keladi. Orada amirlik klublaridan biri “temiryo‘lchilar”ga qarshi saf tortadi.Jamoa Osiyo Chempionlar Ligasining guruh bosqichida ishtirok etadigan O‘zbekistonning hozircha yagona jamoasi bo‘lib turibdi. 30-yanvar kuni “Nasaf” va “Paxtakor” shunday maqomni qo‘lga kiritish uchun kurashib ko‘radi.
Izoh (0)