Rapid va blits yo‘nalishlaridagi shaxmat bo‘yicha Jahon Chempionatiga mezbonlik qilayotgan Saudiya Arabistoni bir qator masalalarda grossmeysterlar uchun qulayliklar yaratdi. Bu haqda “Olamsport” nashri xabar berdi.
King Salman World Rapid and Blitz Chess Championships musobaqasida ishtirok etayotgan ayol grossmeysterlarga libos cheklovi qo‘yilmadi. Saudiya Arabistoni hukumati ularga o‘zlari istagan libosda dona surish imkoniyatini tortiq qildi. Bunday holat tarixda ilk bor kuzatilgan.
Mamlakatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga qaramay, Saudiya hukumati Qatar hamda Eron shaxmatchilariga viza berishni lozim deb topdi. Biroq Isroil masalasida saudiyaliklar o‘z prinsiplarini saqlab qoldi va isroillik grossmeysterlarni mamlakatga kiritishni istamadi.
Avvalroq Saudiya shaxmat bo‘yicha Jahon Chempionatlari tarixidagi eng katta mukofot pulini va’da qilgani ochiqlangandi. Unga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi musobaqada g‘olib chiqqan grossmeyster 1 million 250 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritishi, ayol shaxmatchilarning eng yaxshisi esa 750 ming dollarga ega bo‘lishi aytilgandi.
Izoh (0)