O‘zbekiston professional futbol ligasi mamlakat Super Ligasining 2018-yilgi mavsum uchun reglamentini tasdiqladi. Unga ko‘ra, chempionlik uchun respublikaning eng kuchli 12 ta klubi kurash olib boradi.

Foto: Google Images

Super Liganing barcha o‘yinlari jonli ko‘rsatilishi mumkin. O‘FF Sport-TV va UzReport bilan kelishuvga erishgan

Mazkur 12 klub uy-safar tizimida jami 22 ta turni o‘tkazadi. Ya’ni, har bir klub 11 ta uy va 11 ta safar o‘yinida ishtirok etadi. Shundan so‘ng, dastlabki olti o‘rinni egallagan klublar chempionlik uchun alohida kurashni davom ettiradi. Qolgan olti klub esa Pro-Ligaga (sobiq Birinchi Liga) tushib ketmaslik harakatini qiladi. Bunda har bir jamoa yana 5 ta uy va 5 ta safar bellashuvida ishtirok etadi. Shu tariqa, oliy divizionning har bir jamoasi jami 32 ta tur o‘tkazadi.

Mazkur reglament “oltin ochko” qoidasi bo‘yicha ishlaydi. Masalan, 22-turdan keyin chempionlik uchun kurash olib borishi kerak bo‘lgan olti jamoaning avvalgi o‘zaro o‘yinlari natijasi saqlab qolinadi. 7—12-o‘rinni egallagan jamoalarga qarshi o‘yinlari natijasi esa “0” ga tenglashtirib yuboriladi.

O‘z navbatida, quyi oltilik jamoalarini ham shunday taqdir kutadi. Ularning o‘zaro o‘yinlari natijasi saqlab qolinadi. Chempionlik uchun kurashishi kerak bo‘lgan olti jamoaga qarshi o‘yinlari natijasi esa unutiladi.

Super Ligada so‘nggi o‘rinni egallagan jamoa quyi divizionga surgun bo‘ladi. Pro-Liga chempioni esa Super Ligaga qo‘shiladi.

Shuningdek, Super Ligada 10 va 11-o‘rinni egallagan jamoalar elitadagi o‘rnini saqlab qolish uchun Pro-Liganing 2 va 3-o‘rnidagi klublarga qarshi o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadi.