28-dekabr kuni Yunusobod tumani IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida xizmat olib borayotgan xodimlar hamda ularning ota-onalari va turmush o‘rtoqlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga idora matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirga mamlakat fuqarolari va chet davlatdan tashrif buyuruvchi shaxslarning pasportlari bilan ishlash xizmati xodimlarining yaqinlarini taklif etildi.
Tadbirda soha xodimlari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan tamagirlik va poraxo‘rlik kabi qonun buzilishi holatlarining oldini olish hamda bo‘limda faoliyat olib borayotgan xodimlarning hayotda to‘g‘ri yo‘l topib, yetuk mutaxassis va komil inson bo‘lishi, oilasiga, yaqinlariga, xalqiga, vataniga sadoqatli xodim bo‘lishi uchun ularning yaqinlari ko‘magi ham muhim ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida gaplashib olindi.
Pasport sohasida xizmat olib borayotgan barcha xodimlar eng avvalo qo‘li toza va ko‘ngli pok, vatanparvar va mas’uliyatli bo‘lishini ta’kidlab, shu bilan birga, pasport xizmati sohasida juda katta o‘zgarishlar bo‘layotgan bir davrda ayrim yosh xodimlar o‘zining xulqi, axloqi, o‘zini tutishi, fuqarolar va hamkasblari bilan bo‘ladigan munosabatlarda, shuningdek xizmat sohasi bo‘yicha bilim saviyasi va kasbiy mahoratini oshirib borishi, xizmatga bo‘lgan qiziqishi va munosabati bilan bugungi kun talablariga javob bermasligi, tarbiyaning o‘zagi bo‘lgan oiladagi muhit hamda yaqinlaridan olgan tarbiya va ma’naviyatga ko‘p narsa bog‘liqligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Ayrim xodimlar o‘zining ichki ishlar idorasi xodimi ekanligiga qaramasdan, xizmat paytida belgilangan tartib qoidaga rioya qilmagan holda soch-soqolini o‘stirib yurishi, jinsi shim, futbolka va shunga o‘xshash kiyim-kechaklarni kalta holda yoki ichki ishlar xodimiga yarashmagan narsalarni kiyib yurishi, xizmatga kechikib holatlariga yo‘l qo‘yishi, o‘zining so‘zlashuv ohangi va o‘zini nomunosib tutishi, eng asosiysi aynan shu sohaviy xizmatda turli xildagi ta’magirlik va noqonuniy ishlarga aralashishi, bularning barchasi eng avvalo oilada ko‘rgan tarbiyasi va atrofidagi insonlarning unga nisbatan munosabatidan kelib chiqishi to‘g‘risida gapirib o‘tildi.
Xususan, pasport xizmatida faoliyat olib boradigan xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari yurt fuqarolari va mamlakatga boshqa mintaqa va davlatlardan tashrif buyurgan hamda bu borada eshitgan mehmonlarda ichki ishlar idoralari xodimlariga nisbatan salbiy fikrlarning paydo bo‘lishigi zamin yaratib berishi ta’kidlandi.
Izoh (0)