Toshkentning “Paxtakor” klubi himoyachi Farrux Sayfiyev bilan 2 yillik kelishuvga erishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Paxtakor”

Farrux Sayfiyev Qarshining “Nasaf” klubi safida bungacha 111 uchrashuvda ishtirok etgan bo‘lib, raqiblar darvozasiga 13 ta gol urishning uddasidan chiqa olgandi. Chap qanot himoyasidagi o‘yinlari sabab o‘z vaqtida Mirjalol Qosimov uni milliy termaning rasmiy o‘yinlarida ham maydonga tushirgan. Samvel Babayan esa Sayfiyevni Eronga olib ketgan bo‘lsa-da, forslarga qarshi bellashuvda avval Stanislav Andreyev, keyin Davron Hoshimov xizmatidan foydalanishni afzal bilgandi.

1991-yilda tug‘ilgan futbolchi “Paxtakor”ga erkin agent maqomida kelganmi yoki “Nasaf” hisob raqamiga pul o‘tkazilganmi — aniq ma’lumot yo‘q. Yakuniga yetgan mavsumning ekvatorida “Paxtakor” Qarshi klubidan himoyachi Sherzod A’zamov hamda darvozabon Eldor Suyunovni 1 milliard so‘mga xarid qilgandi.

Shunga qaramay, “Paxtakor” mavsumning hal qiluvchi o‘yinini Qarshida o‘tkazib, “Nasaf”dan yirik — 0:4 hisobida yengildi va Chempionlar Ligasiga yo‘llanmani qo‘ldan boy berdi. Faqatgina “Lokomotiv”ning kubok finalidagi g‘alabasi sabab Shota Arveladze jamoasi xalqaro maydonda to‘p suradigan bo‘ldi.

Farrux Sayfiyev bilan shartnoma imzolanguniga qadar “Paxtakor” hujumchi Igor Sergeyev hamda yarim himoyachi Sherzod Karimov bilan xayrlashgandi.

“Paxtakor”ni Sherzod Karimovdan keyin Igor Sergeyev ham tark etdi. Chempionlar Ligasiga esa 33 kun vaqt qoldi