Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni O‘zbekiston tarixida birinchi marta parlamentga murojaat yo‘lladi. To‘rt soat davom etgan nutq “O‘zbekiston 24” telekanali orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida yoritib borildi.

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

O‘zbekistonliklar nutqni faol kuzatib bordi, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaatning u yoki bu jihatlariga, aytilgan fikr va tashabbuslarga munosabat bildirdi. “Daryo” diqqatga sazovor fikrlarni bir sahifaga to‘pladi.

Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev Prezidentning parlamentga murojaati O‘zbekiston uchun yangi amaliyot ekanligiga e’tibor qaratdi:

Bunday murojaatlar odatda boshqa davlatlarda doimiy kuzatiladi. Lekin O‘zbekistonda bunday amaliyot ilk bor bugun qo‘llandi. O‘zbekiston rahbari to‘rt soat davomida tik turgan holda, mamlakat parlamenti, hukumati va xalqiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qildi. Mirziyoyev dunyo tajribasini O‘zbekistonda nou-xau qildi.

Shuningdek, jurnalist murojaatning ahamiyatini tushuntirish uchun Angliyaning mashhur siyosatchisi Uinston Cherchill bilan parallel keltirdi:

Har bir siyosatchining ma’lum bir ma’ruzasi uning faoliyatida belgilovchi, muhim rolga ega bo‘ladi. Masalan, Uinston Cherchillning 1946-yil 5-martdagi Fulton nutqi dunyo tartibotini butunlay o‘zgartirib yuborgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugungi ma’ruzasi, uning saylanganiga bor-yo‘g‘i bir yil bo‘lishiga qaramasdan, yaqin o‘tmishdagi vaziyatni teran tahlil qilib, yaqin kelajakka aniq vazifalarni belgilab beruvchi, chuqur mushohadali nutq bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev esa Martin Lyuter Kingni esga oldi:

Tarixda nutqlar ko‘p bo‘lgan. Lekin ular doim ham eslanavermaydi. Chunki ko‘plab nutqlar amalda hech qanday o‘zgarish olib kelmaydi.

Biroq shunday nutqlar bo‘ladiki, uning ijobatini kutish shart emas — o‘sha nutqning o‘zi amal sifatida qabul qilinadi, katta siyosiy oqibatlarni keltirib chiqaradi, tarixda qoladi.

Masalan, Martin Lyuter Kingning 1963-yil 28-avgustdagi “I have a dream” (“Mening orzuyim bor”) nutqi tarixdagi eng zo‘r nutqlardan biri sanaladi...

Bugungi nutqning ko‘lami yuqorida eslangan nutqlar kabi butun dunyoga ta’sir qiladigan darajada o‘zgarishlarga olib kelmas, biroq O‘zbekiston miqyosida davlat rivojini yangi bosqichga olib chiqishga katta hissa qo‘shadi. Bu nutq xalqqa ertangi kunga ishonch beradi, dillarda umid uyg‘otadi, mudroq qalblarni uyg‘otadi, so‘niq ko‘zlarga uchqun beradi.

Sardor Salim, siyosatshunos:

Shavkat Mirziyoyevning bugungi nutqi, siyosiy oqibatlari bo‘yicha, Birinchi Prezident Islom Karimov Mustaqillikni e’lon qilgan majlisdan keyingi ikkinchi o‘rinda tursa kerak.

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

Sanjar Said, jurnalist va bloger:

Tushga yaqin ko‘zim ilinib, bir soatcha uxlab qolibman. Uyg‘onsam hammayoqni yangilik bosib ketibdi. Prezident parlament bahona xalqqa bevosita murojaat qilayotgan ekan. O‘zimni zamondan orqada qolgan, yangiliklar, o‘zgarishlardan bexabar odamdek his qildim.

Juda hayajonli daqiqalar. Prezident ko‘nglimizdagi, tilimizdagi gaplarni aytayaptiki, go‘yoki qandaydir yashirin profil bilan biz mansub bo‘lgan virtual olamni doim kuzatib, muhokamalarimizda ishtirok etayotgandek, biz bilan yonma-yon, hamfikrdek.

Ko‘nglimizda shuncha o‘zgarishlar amalda bo‘larmikan, degan shubha bo‘lishiga qaramasdan, umid va ishonch ham tirik. Hatto Koreyaga ketish-ketmaslikka ham ikkilanib qoldim. Hozir chet elda yurganlarda bir-ikki yilda O‘zbekiston tanib bo‘lmas darajada rivojlanib ketsa-ya, degan o‘ynoqi xayol ham yo‘q emas.

Oyliklarimiz ming-ikki ming dollarga chiqib, uy-joy, mashina, to‘y tashvishlaridan sal uzoqlashib, xotirjamlik, keng fe’llik bilan fikr yuritadigan, voqea-hodisalarga bosiqlik, vazminlik, salobat bilan munosabatda bo‘ladigan vaqtlar yaqindek ko‘rinyapti.

Doniyor Ro‘zmetov, bloger, biznes-konsultant, Fransiya:

Prezident gapirsa, ko‘zlar ochiladi!

O‘sha kuni vodiy bilan Toshkent o‘rtasidagi post haqida yozganimizda, muammolar mavjudligini aytganimizda, ayrimlar xuddi “vatan xoini”ga chiqarib qo‘yayozgandi. “O‘sha yerdagi qo‘pol muomala qiladiganlar xavfsizligimizni saqlayapti, rahmat degin”, degan ma’noda og‘zimizga urgan edi.

Bugun bu muammoning mavjudligini Prezidentimiz aytgach, u haqiqatdan ham mavjud bo‘lib qoldi. Bizning og‘zimizga urganlarning endigi fikrlari menga qiziq bo‘lyapti.

Bir paytlar notarius haqidagi maqolasi uchun Jamshid Niyozovga qancha ozor berganlari yodimda. Endi buniyam Prezident aytgach, hamma muammoning mavjud ekanligini ko‘rib qoldi.

Hozirda Toshkentdagi propiska muammosi, viloyatliklarga muomala va munosabat muammosini ham ko‘pchilik ko‘rmayapti. Ajabmas, bir kun kelib Prezident bu muammo haqda ham gapirsa va ayrim amaldorlarning ko‘zlari ochilib, bu muammoni ham ko‘ra boshlasalar!

Ilgari “Podshoning qadami yetgan joylar obod bo‘lib ketadi”, deb aytganlarini eshitganman. Endilikda ko‘pchiligimiz Prezident gapirsa, ko‘zlar ochilib, ko‘rinmagan muammolar ko‘rinib ketayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Prezidentimizning boshlari omon bo‘lsin. Yurt ravnaqi va xalq farovonligi uchun o‘z oldiga qo‘ygan ezgu niyatlari ro‘yobga aylanaversin!.

Zafar Hoshimov, tijoratchi, “Korzinka.uz” rahbari:

Prezidentning so‘zlari, ilgari surgan fikr va g‘oyalari, o‘tgan bir yilda amalga oshirilgan islohot va amallar ko‘lami (shuncha o‘zgarishlarni atigi bir yil o‘ziga qamrab olganiga aql bovar qilmaydi), shubhasiz, Shavkat Miromonovichda Vatanimizni yaqin kelajakda mintaqaviy rivojlanish markaziga aylantira oladigan dunyoqarash, progressiv yondashishlar va xolis niyatlar mavjudligidan dalolat berib turibdi.

Prezidentning bugungi nutqlari, hech qanday shubhasiz, bu maslak sari qo‘yilgan tarixiy va inqilobiy qadamdir. Bu nutq o‘tayotgan islohotlar, jarayonlarning bardavom bo‘lishi garovi va yaqqol shahodatidir.

Shu onlarda qalbimni umid, shijoat, yurtim, xalqim va rahbarimiz bilan faxrlanish tuyg‘ulari to‘ldirib turibdi.

Behzod Hoshimov, iqtisodiyotchi, Viskonsin universiteti biznes maktabi tadqiqotchisi:

Bugun O‘zbekiston yana bir bor mustaqil bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi! Hayotimda nutq eshitib, bu darajada ta’sirlanmagan edim. Barchamizni shunday ajoyib o‘zgarishlar bilan tabriklayman! Bu tarixiy nutq Vatanimiz kelajagiga katta ta’sir qilishiga aminman.