Sportchilik karyerasi davomida 7 ta Olimpiadada ishtirok etgani bilan tarixga kirgan o‘zbekistonlik Oksana Chusovitina Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda zafar quchdi, deb yozdi “Olamsport”.
Olimpiada chempioni Mixail Voronin kubogi uchun yigirmanchi bor o‘tkazilgan gimnastika xalqaro musobaqasida Chusovitina shohsupa cho‘qqisidan joy oldi. Turnirda 28 ta mamlakat sportchilari ishtirok etgandi.
Oksana o‘zi uchun eng yoqimli bo‘lgan tayanib sakrashda raqibalariga imkoniyat qoldirmadi va oltin medalni o‘ziniki qilib oldi. Qiziq tomoni, rossiyalik ayol gimnastikachilar sport gimnastikasining to‘rt turidan 3 tasida g‘olib bo‘lishga erishdi. Faqatgina 1 ta turda — tayanib sakrashda Oksana g‘olib deb topildi, deb yozdi Rossiya sport gimnastikasi federatsiyasining rasmiy sayti.
Moskvada murakkab sakrashlarimdan foydalanmadim, bunda ishonchli yo‘lni afzal bildim. Barchasi yaxshi chiqdi va o‘z joyimga qo‘nishimda ham kamchiliklar bo‘lmadi. Hammasi muxlislarga yoqishi uchun harakat qildim.Bu musobaqada birinchi bor ishtirok etayotganim yo‘q. Har safar katta taassurotlar bilan qaytaman. Takliflari uchun rahmat aytaman. Axir bu yerda ko‘plab do‘stlarim bilan birga bo‘lishdek baxtni his qilaman.
Navbatdagi ishtirokim yanvar so‘ngida Amerikada bo‘ladi. Asosiy e’tibor esa albatta Jahon Chempionati va Osiyo O‘yinlariga qaratiladi. Hozir sakkizinchi bor Olimpiada ishtirok etishni orzu qilmoqdaman.
Oksana Chusovitina, sport gimnastikachisi
Izoh (0)