“Korsika uchun” milliy-ozodlik harakati koalitsiyasi hududiy Assambleya saylovlarida ishonchli g‘alaba qozondi. Koalitsiya tarkibiga orolning kengaytirilgan avtonomiya tarafdorlari bilan birga Fransiyadan mustaqil bo‘lish uchun ovoz berayotgan siyosatchilar ham kiradi. Bu haqda France-Presse agentligi xabar qildi, deb yozadi “TASS”.
10-dekabr, yakshanba kuni Korsikada orol Assambleyasi — mahalliy o‘z-o‘zini boshqarishning yagona organiga saylovlarning ikkinchi turi bo‘lib o‘tdi. U orolning har ikkala departamenti — Yuqori Korsika va Janubiy Korsikani birlashtiradi. Saylovlarda 63 deputatlik mandatining taqdiri hal etildi. Ovoz berishda bu huquqqa ega 234 ming korsikalik ishtirok eta oldi.
Barcha byulletenlar hisob-kitobiga ko‘ra, “Korsika uchun” bloki 56,5 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozonganligi e’lon qilindi. Korsika o‘nglari 18,29 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.
“Korsika uchun” bloki bir hafta avval bo‘lib o‘tgan saylovlarning birinchi turida erishgan muvaffaqiyatlarini tasdiqladi.
Izoh (0)