O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Konstitutsiya qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasida taniqli olimlar, kino va teatr aktyorlari, sportchilar, ittifoq faollaridan iborat targ‘ibot guruhi a’zolari tumanlarda, olis va chekka qishloqlarda yoshlar bilan uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Muloqotlarda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular va qiynayotgan muammolarni o‘rtaga tashladi. Qiziqish va maqsadlaridan kelib chiqib, takliflar bildirdi.

Bildirilgan taklif va muammolar mutasaddilar ishtirokida ko‘rib chiqildi va aksariyati joyida hal etildi, qolganlarini ham qisqa muddatlarda hal etishga va’da berildi.

Targ‘ibot guruhi a’zolari G‘uzor tumanidagi “Sho‘rtangazkimyo” majmuasida yosh ishchi-xodimlar bilan muloqot o‘tkazdi, korxonda tuzilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti faoliyati bilan tanishdi. Muloqot jarayonida “Kitob targ‘iboti” aksiyasi o‘tkazilib, mutolaaga qiziquvchi ishchilarga kitob sovg‘a qilindi.

Ikki kun davom etgan targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Unda chekka qishloqlardagi ta’lim muassasalari, mahallalar, harbiy qismlar va kasalxonalarga kitoblar sovg‘a qilindi. Imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga sovg‘alar topshirildi.