Gollandiyadagi oddiy qishloq bir qarashda hech narsasi bilan farqlanmaydi. U yerda 150 ga yaqin odam yashab, odatiy hayot tarzini olib boradi. Ammo u demensiya — aqli zaiflik kasalligidan azob chekadigan qariyalar uchun maxsus turdagi shifoxonadir, deb yozadi Adme.
Xogeveyk deb nomlangan bu joyda bemorlar palatalarga qamab qo‘yilmaydi, balki oddiy odamlar kabi hayot kechiradi: restoranlarga boradi, stol o‘yinlari o‘ynash uchun qo‘shnilari bilan to‘planishadi. Ular hatto ruhiy kasalxonada ekanliklarini bilmaydi ham.
Majmua turar-joylar, xiyobonlar, bog‘lar, maydonlar, sartaroshxona va hatto kichik teatrni ham o‘z ichiga oladi.
Uylar bemorning xotirasi ishlashdan to‘xtagan davrga — 50, 70 va hatto 2000-yillarga muvofiq qilib qurilgan. Bu yerga kelganlarning har biri o‘z didiga muvofiq joyni tanlashi mumkin.
Har bir uyda 5—6 bemor bir yoki ikki nafar vasiy bilan birga yashaydi. Klinikaga asos solgan Ivonn van Amerongen aytishicha, bemorlarga doimiy muloqot va tashqi olam bilan o‘zaro munosabat juda muhim, bu ularning o‘zini xotirjamroq his qilishiga, kasallikning rivojlanib ketmasligiga imkon beradi. Tadqiqotlar yolg‘izlik chekish kabi xavfli ekanligini, semizlikdan esa ikki baravar xavfliroq ekanligini ko‘rsatgan.
Shifoxona haqiqatan ham qishloqchaga juda o‘xshash, ammo u yerda faqat qariyalar yashaydi, shuningdek, kassada hech narsa uchun pul so‘ralmaydi.
Bu yerda yashash shunchalik qulayki, hech kim ketishga urinmaydi ham. Bor-yo‘g‘i 1,5 gektar maydonga bemorlar uchun zarur bo‘lgan narsalarning barchasi sig‘adi.
Bunga ishonish qiyin, ammo qishloqda yashash uyga kecha-yu kunduz qarovchi yollashdan ko‘ra arzonroq tushadi.
Izoh (0)