2017-yil davomida bitkoin qiymati 960 dollardan 8 000 dollargacha oshdi va ko‘plab kriptovalyuta egalari shubhasiz yaxshigina daromad egasiga aylandi. Bitkoinlar anonimlikni saqlab qolish imkoniyatini bersa-da, ulardan ba’zilarining ismlari ma’lum. InsiderPro nashri bitkoinlardagi eng katta kapitalga ega kishilar ro‘yxatini keltiradi.
Egizak Uinklvosslar
Tayler va Kemeron Uinklvosslar haqida ehtimol eshitgandirsiz. Ular Facebook’da ulushi borligini isbotlashga uringan.
Ularga ETF bitkoinini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan bo‘lsa-da, ularning 2013-yilda bitkoinga kiritgan 11 million dollari (o‘shanda ular muomaladagi barcha kriptovalyutalarning 1 foizga yaqinini xarid qilgan edi) taxminan 21 marta oshib, hozirgi qiymati 231 million dollarni tashkil etadi.
Barri Silbert
Venchur kapitalisti va Digital Currency Group asoschisi Silbert bitkoinlarning katta istiqbolini erta payqadi. U 2014-yilda Amerika Marshallar xizmati tomonidan tashkil qilingan kimoshdi savdoda 48 ming bitkoin xarid qildi. O‘shanda birinchi kriptovalyuta donasi 350 dollar bo‘lgan, ya’ni o‘shandan buyon Silbertning ulushi taxminan 16 marta oshib, 16,8 million dollardan 268,8 million dollargacha yetgan.
Tim Dreyper, milliarder va venchur kapitalisti
Venchur kapitalisti Dreyper daromadining katta qismini Skype’ga kiritgan investitsiyalari tufayli qo‘lga kiritgan. 2014-yilgi hukumat kimoshdi savdosida 30 ming bitkoin xarid qiladi. O‘shanda lot unga 19 million dollarga tushgan bo‘lsa, hozir uning qiymati 171 million dollardir.
Charli Shrem, bitkoin foydalanuvchilari birinchi to‘lqini ishtirokchisi
Tadbirkor bitkoinning birinchi muxlislaridan biri va Bitcoin Foundation a’zosi edi. Biroq bu jamg‘arma rahbarlarining bir nechtasi tergovga tortildi. Shrem pullarni “yuvish” aybi bilan ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Endi u bozorga investitsiyalar va kriptotexnologiyalarga bag‘ishlangan startap bilan qaytdi. Unga tegishli bitkoinlarning aniq soni oshkor etilmasa-da, u qachonlardir bir necha ming koin xarid qilgan va endilikda ularning qiymati bir necha million dollar.
Toni Gallippi, top-menejer
Gallippi — Bitpay kriptovalyuta kompaniyasi boshqaruv rahbari va hamta’sischisi. U, shuningdek, bitkoinning yirik sohibi hisoblanadi. Gallippining o‘zi investitsiyalari hajmini oshkor etmaydi, biroq ularning bahosi 20 million dollar atrofida.
Satosi Nakamoto, bitkoin g‘oyasi muallifi
Nakamoto — kriptovalyuta g‘oyasining sirli asoschisi. 2009-yilda u kriptovalyutalar ishlash mexanizmini tasvirlovchi maqola chop etdi. Shundan so‘ng u ortiq ko‘zga tashlanmadi, uning hatto haqiqiy ismi ham hozirgacha noma’lum.
Nakamoto kim ekanligini bilmasak ham, uning bitkoinlari ko‘p ekanligi ma’lum. Bitkoin yaratuvchilaridan biri 2013-yilda Nakamotoning 1 millionga yaqin bitkoini bo‘lishi kerakligini ma’lum qildi.
AQSh hukumati
2013-yilda, Silk Road yopilishida Federal qidiruv byurosi 144 ming bitkoinni musodara qildi va tarmoqda eng yirik bitkoin-hamyon sohibiga aylandi. Keyinroq hukumat bitkoinlarni sotib, 48 million dollar daromad qildi.
Bundan tashqari, AQSh soliq xizmati raqamli valyuta soliqqa tortiluvchi mulk ekanligini ma’lum qilib, kapital o‘sishidan soliq to‘lamaydigan foydalanuvchilarni fosh etish uchun huquqiy kurash olib boradi. Barcha bitkoin tranzaksiyalari bu radarga tushadigan ko‘rinadi, shuning uchun AQSh hukumati ehtimol bitkoindan hali ko‘p daromad qiladi.
Izoh (0)