Apple’ning Xitoydagi pudratchisi — Foxconn kompaniyasi iPhone X smartfonlarini yig‘ishda talabalar mehnatidan foydalanadi, bunda talabga yarasha mijozlarni gadjetlar bilan uzilishlarsiz ta’minlash maqsadida talabalar qonunga xilof ravishda keragidan ortiq ishlaydi. Bu haqda, The Financial Times (FT) gazetasiga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.
Gazeta bilan suhbat qurgan, Chjenchjoudagi korxonada ishlaydigan olti talabaning aytib berishicha, ular kuniga 11 soat ishlaydi. Xitoy qonunchiligiga muvofiq, stajyor talabalar buncha soat ishlashi taqiqlangan.
Talabalar Chjenchjou shahri temir yo‘l transport ta’lim dargohining 3 ming talabasidan iborat guruh sentabr oyida Foxconn kompaniyasining mahalliy bo‘linmasiga yuborilganini gapirib berdi. Ularning yoshi 17–19 atrofida edi. Talabalarga o‘qishni tugallash uchun shu yerda uch oylik mehnat tajribasiga ega bo‘lish zarurligi tushuntirildi.
Bir qiz kuniga 1200 ta iPhone X ustida ishlaganini tan oldi.
Oliy ta’lim muassasasi bu borada izoh berishdan bosh tortdi. Apple va Foxconn vakillari esa bunday holatlar bo‘lganini tan olib, kelajakda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi. Ular talabalar o‘z ixtiyoriga ko‘ra ishlaganini hamda tegishli to‘lov va imtiyozlarga ega bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Izoh (0)