20-noyabr kuni Toshkent shahri ostonasidagi barcha postlarda, shaharga kirish va shahardan chiqish yo‘nalishlarida katta tirbandliklar yuzaga keldi. Bu haqda “Daryo” mobil muxbirlari xabar berdi; ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda ko‘plab xabarlar qoldirilgan.

“Eshonguzar” postidagi tirbandlik “Uchtepa” avtosaloni oldigacha cho‘zilib ketgan.
Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbirining ma’lum qilishicha, soat 19:00 atrofida “Eshonguzar” va “Erkin” postlarida shahardan chiqish yo‘nalishida katta tirbandliklar yuzaga kelgan. “‘Erkin’ postidagi tirbandlik ‘Oq tulpor’ to‘yxonasiga qadar cho‘zilgan”, — deydi muxbir.

Facebook va Telegram’dagi “Voditeli Tashkenta” guruh va kanallarida 20-noyabr kuni tushdan boshlab shahar postlarida tirbandliklar kuzatilayotgani haqida xabarlar qoldirilgan.

“Erkin” postidagi vaziyat.
Foto: Telegram / “Voditeli Tashkenta”

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri tomonidan soat 13:10 da qoldirilgan xabarga ko‘ra, “postlarda juda qattiq tekshiruv bo‘lyapti, kimnidir qidirishyapti; tirbandlik 1 kilometrga cho‘zilgan”.

Boshqa foydalanuvchilar “Keles”, “Bardanko‘l” postlaridagi katta tirbandliklar haqida yozgan. “‘Bardanko‘l’da marshrutka va avtobuslar to‘liq tekshirilmoqda”, — deydi foydalanuvchilardan biri.

Qayd etish joiz, 20-noyabr kuni Olmazor tumanidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasidan muqaddam sudlangan uch bemor qochib ketgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq ularning ikki nafari qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, ayni vaqtda uchinchi qochoq bemor — Sherqul Omonovni qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda. Tirbandliklar aynan shu qidiruv bilan bog‘liqmi yoki yo‘q — hozircha noma’lum.