Toshkentning Olmazor tumanidagi kuchaytirilgan tartibdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasidan 20-noyabr kuni qochib ketgan uch bemorning ikki nafari qo‘lga olindi. Bu haqda shahar IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Xabar berishlaricha, tanaga qasddan jarohat yetkazish moddasi bilan sudlangan Ma’ruf Rashidov va giyohvandlik moddalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan Ahror Hamroyev qo‘lga olingan.

IIBB matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda uchinchi qochoq bemor — o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan Sherqul Omonovni qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda. IIBB saytida uning surati e’lon qilingan:

Sherqul Omonov.
Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur uch fuqaroga ruhiy kasalliklar shifoxonasida sud qaroriga asosan majburiy tartibdagi tibbiy choralar ko‘rib kelinayotgan bo‘lgan.