Toshkentning Olmazor tumanidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasidan 20-noyabr kuni qochgan uch bemorning so‘nggisi 21-noyabr kuni qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Ismi Sherqul Omonov bo‘lgan qochoq shaxs 21-noyabr kuni soat taxminan 15:00 da, Chilonzor tumanidagi “Abu Saxiy” bozori hududida qo‘lga olingan. Ushlash jarayonida u militsiya xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatgan.

U yonida bo‘lgan pichoq bilan ichki ishlar organlari xodimiga qurolli faol qarshilik ko‘rsatib, yon atrofdagilarga nisbatan jiddiy xavf tug‘dirgan.

Biroq, ichki ishlar organlari xodimi tan jarohati olgan bo‘lishiga qaramay, yuqori professional tayyorgarligi va jasorati tufayli Sherqul Omonovni qurolsizlantirib, qo‘lga olgan.

Toshkent shahar IIBB axborotidan

20-noyabr kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan kuchaytirilgan nazoratli ruhiy kasalliklar shifoxonasidan muqaddam sudlangan uch bemor qochib ketgani haqida ma’lum bo‘lgan edi. Ularning ikki nafari — Ma’ruf Rashidov va Ahror Hamroyev shu kunning o‘zidayoq qo‘lga olingan edi.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

20-noyabr kuni tarqatilgan xabarlarda uchinchi qochoq — Sherqul Omonovni izlash ishlari davom etayotgani ma’lum qilingan edi. Xuddi shu kuni Toshkentning kirish-chiqish postlarida nazorat favqulodda kuchaytirilib, postlar oldida katta tirbandliklar yuzaga keldi.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ma’ruf Rashidov qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, Ahror Hamroyev esa giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish moddalari bo‘yicha sudlangan. Sherqul Omonov esa o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgani uchun jazoga tortilgan edi.