Toshkent moda haftaligining beshinchi kunida Yoshlar ijod saroyida Tashkent Fashion Performance namoyishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashrif buyurganlar Italiya, Fransiya, Koreya, Rossiya, Qirg‘iziston va O‘zbekistonlik dizaynerlar yaratgan liboslarni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Dastur qoidasiga ko‘ra har bir dizayner 11 tadan libos namoyish qildi, deb xabar beradi MyDay.
Podiumga birinchi bo‘lib Turin moda haftaligi ishtirokchilari Anjela Varsano va Monika Brunolarning kolleksiyasi namoyish etildi. Marc O`Polo modalar uyi, Versace, Ferre va Valentino brendlari kolleksiyalaridan taqdim etilgan to‘plamda bosh kiyimlar, harir oqshom liboslari, yorqin kundalik kiyimlar, mo‘ynalar, shifon bluzalar, charm shimlardan iborat 11 ta libosni ko‘rish mumkin bo‘ldi.
So‘ng podiumda Gaia Boldotti brendidan turfa xil bichimdagi oq bluzkalarni taqdim etgan dizayner Julio Boldottining modellarini ko‘rish mumkin bo‘ldi. U taqdim etgan shifon, paxta va sintetika matolaridan tikilgan.
Yana bir italiyalik modelyer Marina Nekhaeva qora rangdagi asimmetrik liboslardan iborat to‘plamni namoyish etdi.
O‘zbek dizaynerlaridan Dilorom Muxamediyevaning to‘plami kechani davom ettirdi. Dizayner taqdim etgan kolleksiyasida pastel ranglardagi mayin baxmal va nafis to‘r matolarni uyg‘unlashtirib yaratilgan harir liboslar, baxmal kombinezonlar va ko‘ylaklarni taqdim etdi.
Dizaynerlar Saidakrom Maksumov va Gulchehraxon Ahmatovalarning kolleksiyasi muhtasham oqshom obrazlaridan iborat bo‘lib, qora rangdagi charm va nafis to‘r matolaridan yaratilgan shimli va yubkali kostyumlar, ko‘ylaklar munchoqlar bilan bezatilgan.
O‘zbekistonlik yosh dizayner Mahliyo Aitbayeva to‘r matolarga charmdan geometrik applikatsiyalar qo‘shib oqshom liboslari, shimli kostyumlar va pidjaklar yaratgan.
Dilbar moda uyining ikkinchi to‘plami kundalik tarzdagi liboslar bo‘lib, unda tafta, baxmal, adras, paxta matolaridan yaratilgan yubka, pidjak, ko‘ylaklarni ko‘rish mumkin edi.
O‘zbekistonlik dizaynerlar Shahnoza Sattorova va Umida Boboqulova ayollar va erkaklar uchun dublyonkadan ishlangan paltolarni taqdim etdilar. Paltolarga milliy naqshlarimizdan bezak berilgan bo‘lib, yanada betakror ko‘rinish kasb etgan.
Dizayner Natalya Nogay atlas, shifon matolaridan oqshom liboslarini taqdim etdi. Har bir libosga soch uchun aksessuar va klatch ishlab chiqilgan bo‘lib, obrazni yanada to‘ldirgan. Mazkur kolleksiya uchun Bukhara Brilliant Silk kompaniyasi matolaridan foydalanilgan.
Bukhara Brilliant Silk kompaniyasi matolaridan foydalangan xolda kolleksiya yaratgan yana bir dizaynerlar Anora Yo‘ldosheva va Shahruzabonu Toirovalar adras, shoyi, baxmal, atlas matolaridan kechki liboslar, shimli kostyumlar, pidjaklar taqdim etdi.
Dizayner Ra’no Isroilova to‘kilib turadigan bichimdagi liboslar bilan birga korsetli ko‘ylaklar va shimlarni taqdim etdi. Dizayner kolleksiyadagi liboslar uchun yuqori sifatli baxmal, atlas, to‘r matolaridan foydalangan.
Italiyadan Beltepa brendi baxmal, adras, atlas kabi o‘zbek matolaridan yaratilgan liboslar kolleksiyasini taqdim etdi.
Izoh (0)