Finlyandiya, Norvegiya va Rossiyaning Murmansk viloyati ustidan 17-noyabrga o‘tar kechasi meteor uchib o‘tdi. U finlyandiyalik va rossiyalik haydovchilarning videoregistratorlarida tasvirga tushgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, tungi osmon bir necha soniyaga qizargan, keyin esa yorqin chaqin yuz bergan. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Astronomlarning so‘zlariga ko‘ra, 17—18-noyabrda osmonda eng kuchli meteor oqimlaridan biri bo‘lgan Leonidlar oqimi o‘zining eng yuqori darajasiga chiqadi. Bu oqimda yorqin bo‘laklar ko‘p bo‘lib, ular odamlar uchun xavfli emas.

Ma’lumotlarga ko‘ra, meteor tovush tezligida uchgan. Finlyandiyalik ekspertlar obyektning og‘irligi taxminan 10 kilogramm bo‘lganini taxmin qilmoqda.