14–15-noyabr kunlari Tbilisi shahrida O‘zbekiston va Gruziya tashqi ishlar vazirliklari delegatsiyalari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Gruziya delegatsiyasiga vazir o‘rinbosari David Jalaganiya boshchilik qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Gruziya kun tartibining asosiy masalalari hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Georgi Kvirikashvilining 2017-yil sentabr oyida Nyu-York shahridagi uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarda muhim bosqich bo‘ldi va hamkorlikni chuqurlashtirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgiladi.
Gruziya delegatsiyasi O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida va 10-noyabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan dasturiy nutqlarining asosiy qismlari to‘g‘risida xabardor qilindi.
Davlat rahbari ilgari surgan tashabbuslar O‘zbekiston – Gruziya aloqalarini kengaytirish, unga ko‘p qirrali tus berish va hamkorlikning birgalikdagi mexanizmlarini faollashtirish uchun mustahkam asos yaratishi ta’kidlandi. Bu nuqtai nazardan savdo-iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazish muddati va kun tartibi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy muammolarning alohida mavzulari ham muhokama qilindi.
Izoh (0)