Prezident 14-noyabr kuni “Yoqilg‘i-energetika resurslari va boshqa yuqori likvidli mahsulotlar bilan ta’minlashda raqobat muhitini takomillashtirish, suiiste’mol va talonchilik uchun sharoitlarni yo‘q qilish, to‘lov intizomini mustahkamlash, debitorlik va kreditorlik qarzdorligini qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda Uz24 xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, davlat:
- joriy yilda “O‘zneftmahsulot” AJga 2 trillion so‘m investitsiya kiritib, uglevodorod xomashyosi va tayyor neft mahsulotlari importi uchun foizsiz ssuda ajratadi;
- Toshkent bo‘ylab odam tashish tariflari keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “Toshshahartransxizmat” AJga 2017–2018-yillarga davlat subsidiyalari ajratadi;
- 15-noyabrdan avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi iste’mol solig‘ini 50 foizga tushiradi;
- respublika korxonalarini mulkchilik shaklidan va ishlatish maqsadidan qat’iy nazar 2020-yil 1-yanvariga qadar import qilinadigan uglevodorod xomashyosi bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan ozod qiladi;
- 2020-yil 1-yanvariga qadar “O‘zneftmahsulot” AJni daromad solig‘idan ozod qiladi, ozod qilingan mablag‘ yangilanish, modernizatsiya, texnik va texnologik qayta jihozlash, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini oshirishga sarflanishini belgilaydi.
- birja sotuvlarida xarid qilingan mahsulotni qayta sotish taqiqi bekor qilinadi, markazlashgan manbalar hisobidan xarid qilinadigan mahsulot va xomashyo bundan mustasno;
- monopoliyachi korxonalar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilinadigan mahsulot turlari ro‘yxati uchta pozitsiyaga kengaytiriladi: sement klinkeri, paxta-tola va texnik urug‘;
- monopoliyachi korxonalar tomonidan mahsulot (benzin, dizel yoqilg‘isi, polietilen, ko‘mir, mineral o‘g‘itlar, mis, ikkilamchi alyuminiy, qora metallar prokati, shakar, o‘simlik yog‘i, shulxa va h.k.) bozor prinsiplari asosida va faqat birja sotuvlari orqali realizatsiya qilinishi belgilanadi.
Qaror bilan bu mahsulotlar narxining hisoblanishi yangi tartibga o‘tkaziladi.
Izoh (0)