Qozog‘istonning Olmaota viloyatida garovga olingan O‘zbekiston fuqarosi ozod qilindi. Bu haqda 1News xabar bermoqda.
Aytilishicha, Ili tumani politsiyasiga 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi murojaat qilib, noma’lum shaxslar uning akasini olib qochib ketganini bildirgan. Aniqlanishicha, u Qaraoy qishlog‘ida qurilish brigadasiga rahbarlik qilayotgan edi. Jinoyatchilar o‘zbekistonlikni mashinaga o‘tqizib, noma’lum tomonga olib ketgani aniqlandi. Keyinchalik olib qochilgan erkakning ukasiga qo‘ng‘iroq qilib, 350 ming tenge tovon talab qilishdi.
Viloyat ichki ishlar departamenti rasmiy vakili Kobeyxan Nuraxmetga ko‘ra, jinoyatchilar tutqunni qo‘shni Qorasoy tumanidagi ijaraga olingan xususiy uyda ushlab turgani aniqlandi.
Maxsus operatsiya davomida O‘zbekiston fuqarosi ozod qilindi. Bir muddatdan so‘ng u qarindoshlarining oldiga qaytib bordi.
Ma’lum bo‘lishicha, Janubiy Qozog‘iston viloyatida istiqomat qiluvchi 25–28 yosh orasidagi besh kishi ushbu jinoyatni sodir etgani uchun qo‘lga olindi. Ularga qarshi uchta modda bo‘yicha jinoiy ish ochildi.
Izoh (0)