Avval xabar berganimizdek, Samarqand shahrida 10-noyabr kuni BMT shafeligida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlat rahbari Markaziy Osiyoni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqaga aylantirish, ulkan hududda tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘llab, uning alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Anjumanda Antoniu Guterrishning videomurojaati namoyish qilindi.
BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini Markaziy Osiyo muhim mintaqa ekani, bu hudud barqarorligi va taraqqiyoti butun dunyoga ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdrahmonov Qozog‘iston O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini, xususan, Ostona shahri Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahatlashuvining birinchi sammitini kelgusi yil Navro‘z bayrami arafasida qabul qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev ushbu konferensiya o‘ta dolzarb masalalarga qaratilgani va o‘z vaqtida ilgari surilganini qayd etdi.
Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov ushbu xalqaro konferensiya ko‘p tomonlama fikr almashish, o‘zaro muvofiq yondashuvlar ishlab chiqish va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning konferensiya ishtirokchilariga qutlovi hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi fikrlarini yetkazdi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Tomas Greminger, Turkiya iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi, Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy, BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Jihan Sultanoglu, ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi — ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Pankin, Hindiston tashqi ishlar vaziri Vijay Kumar Singx, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German va boshqalar so‘zga chiqdi.
Xalqaro konferensiya sho‘ba majlislarida davom etdi. “Mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash”, “Suvdan foydalanish va ekologiya sohasidagi hamkorlik” mavzularida mahalliy va xorijlik olimlar, nufuzli ekspertlarning tahliliy ma’ruzalari eshitildi va muhokama qilindi.
Forum 11-noyabr kuni o‘z ishini davom ettiradi. Uning doirasida “Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” hamda “Barqaror taraqqiyotga tahdidlarga qarshi kurashishda xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ko‘magi” mavzularida sho‘ba majlislari bo‘lib o‘tadi.