Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiya boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: Sputnik

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida o‘tkazilayotgan mazkur forum Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash masalalariga qaratilgan.

Anjumanda mintaqa davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, BMT, Yevropa Ittifoqi, YeXHT, ShHT, MDH, YeTTB kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, taniqli ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jami 500 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.

Ikki kun davom etadigan forumda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, ekologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik sur’atini oshirishning aniq yo‘nalishlari, shuningdek, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilinadi.