IShID terrorchilik tashkilotiga sodiqlik haqida qasamyod qilgan 29 yoshli Sayfullo Soipov 31-oktabr kuni Nyu-Yorkning Manxetten qismidagi veloyo‘lakda sakkiz kishini bosib ketdi. Ushbu hujum terakt sifatida tan olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Soipov mazkur hujumga, IShIDning targ‘ibot roliklaridan ilhomlanib, bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rgan. Meduza nashri nyu-yorklik politsiyachi Rayan Nesh terrorchini qanday qilib to‘xtatib qolgani haqida hikoya qiladi.

“Biz shunchaki o‘z ishimizni qildik”

31-oktabr, seshanba kuni Nyu-York politsiyasi xodimi Rayan Nesh sherigi Jon Xesiotis bilan chaqiruv asosida Stayvezent maktabiga keldi. Politsiyachilarni maktab hamshirasi chaqirgan edi — o‘quvchilardan biri o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan. Har ehtimolga qarshi, Nesh va Xesiotisga ko‘mak berishi uchun yana ikki politsiyachi chaqirilgan. Ular o‘quv muassasasida bo‘lgan vaqtda kelib chiqishi o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov Chambers-stritda sakkiz kishini mashinada bosib ketib, o‘ldirdi; Stayvezent maktabi ham shu ko‘chada joylashgan.

To‘rttala politsiyachi ham ko‘chaga yugurib chiqib, voqea joyidan yashirinishga uringan Soipovning ortidan quvishga tushdi. Soipovning yonida ikki to‘pponcha bor edi — u ko‘cha bo‘ylab yugurarkan, “Allohu akbar”, deb baqirardi. Nesh terrorchiga hammadan ham yaqinroq edi. U Soipovga to‘xtashni buyurdi, biroq u buyruqqa bo‘ysunmadi; Nesh xizmat to‘pponchasini qo‘lga olib, qochayotgan jinoyatchi tomon to‘qqiz marta o‘q uzdi. O‘qlardan biri Soipovga tegdi, u o‘lmaydigan darajada yaralandi va hozir shifoxonada yotibdi. Uning qo‘lidagi qurollar jangovar emas, balki peyntbol va pnevmatik to‘pponchalar ekani aniqlandi. Neshning sheriklari esa, o‘tkinchi piyodalarni poylab qo‘yishdan cho‘chib, quroldan foydalanmadi.

The New York Daily Post’ning yozishicha, 28 yoshli Nesh qulog‘ida paydo bo‘lgan shovqindan shikoyat qilib shifokorlarga murojaat qilgan. U Soipovni qo‘lga tushirish vaqtida hech qanday jarohat olmagan. Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo Neshni qahramon deb atadi, shahar meri Bill de Blazio esa uning harakatlarini aqlbovar qilmas deb atadi.

Foto: Meduza

1-noyabr, chorshanba kuni Rayan Nesh matbuot anjumanida chiqish qilib, jumladan, shunday dedi: “Men, albatta, har kuni ishga chiqadigan minglab politsiyachilar qatori, o‘z ishimizni qildik, deb hisoblayman. Biroq kechagi voqealar va undagi bizning o‘rnimiz ahamiyatini yaxshi tushunib turibman va bizga ko‘rsatilayotgan bunday munosabat uchun minnatdorchilik bildiraman”.

U tergov siriga ishora qilib, Soipovni qo‘lga olish tafsilotlari haqida gapirmadi. Xabar berishlaricha, Nesh besh yildan beri politsiyada xizmat qiladi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.