O‘zbekiston va Rossiya bosh vazirlari Abdulla Aripov va Dmitriy Medvedev uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Uchrashuv chog‘ida Medvedev imzolanish uchun tayyorlanayotgan hujjatlar paketining muhimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, u idoralararo aloqalarning rivojlanayotganini ta’kidlab o‘tdi.
“Asosiysi, bu shunchaki aloqalar emas, shunchaki gap emas, ular konkret kelishuvlarga aylanmoqda. Bugun rostanam katta hujjatlar paketi imzolanadi”, — dedi u.
“Iliq kutib olganingiz uchun rahmat! Mamlakatlarimiz orasida rostanam samimiy va do‘stona aloqalar o‘rnatilgan... Toshkent juda issiq, hatto, noyabrda bo‘lishi kerakligidan ortiq issiq. Umid qilamanki, bu davlatlarimiz o‘rtasida shakllanib borayotgan munosabatlarning ruhi va xarakterini aks ettiradi”, — qo‘shimcha qildi Medvedev.
O‘z navbatida, Abdulla Aripov Rossiya bosh vaziri ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun qilayotgan ishlar uchun minnatdorlik bildirdi.
“Rossiya va O‘zbekiston hamkorligi o‘zi hurmat va ishonchga asoslangan”, — dedi u.
Uning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekiston Prezidentining Rossiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning yangi sahifasini ochib berdi.
“O‘ylaymanki, bugungi uchrashuv va bugun imzolanishi rejalashtirilayotgan hujjatlar iqtisodiyotlarimiz yanada rivojlanishiga, o‘zaro manfaatdor hamkorligimiz ham yanada rivojlanishiga xizmat qiladi”, — qayd qilib o‘tdi Aripov.
Izoh (0)