Prezidentning 30-noyabrdagi PF–5216-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Barcha respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari (RIIATM) tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobiga yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli fuqarolar toifalari ro‘yxati to‘qqizdan 16 taga ko‘paytirildi.
Endi unga 18 yoshgacha bolalar, homilador ayollar (akusherlik va ginekologiya RIIATMga), endokrin kasalliklarga uchraganlar (endokrinologiya RIIATMga), onkologiya kasalliklariga chalinganlar (onkologiya va tibbiy radiologiya RIIATMga), tuberkulezga chalinganlar (ftiziatriya va pulmonologiya RIIATMga) hamda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklarga chalinganlar (dermatovenerologiya va kosmetologiya RIIATMga) ham kiritildi. Ushbu toifadagi fuqarolarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan kasallik, patologiya va boshqa mezonlar mavjud bo‘lganda budjet mablag‘laridan yordam ko‘rsatiladi.
Imtiyozga ega fuqarolar qatoriga chaqiruv komissiyalarining yo‘llanmalarini olgan harbiy xizmatga chaqiriladigan yoshdagi shaxslar ham kiritildi. Bundan tashqari, bepul yordam nafaqat o‘z-o‘zini boshqarish organlarining moddiy yordamini olayotgan shaxslarga, balki kam ta’minlangan oila a’zosi sifatida hisobga olinganlarga ham ko‘rsatilishiga aniqlik kiritilgan.
Muqaddam ro‘yxatga quyidagilar kiritilgan edi: 1) bolalikdan nogironlar; 2) chin yetimlar; 3) I va II guruh nogironlari; 4) 1941–1945 yilgi urush nogironlari va ishtirokchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar; 5) pensiya yoshiga to‘lgan ishlamaydigan pensionerlar; 6) 1941–1945-yilgi urush mehnat fronti qatnashchilari; 7) Chernobil AES halokati oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaxslar orasidagi nogironlar; 8) harbiy-internatsionalistlar.
Izoh (0)