O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Nyu-Yorkda terakt uyushtirgan asli o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov haqida rasmiy bayonot berdi. Bayonot matni “Jahon” agentligi tomonidan keltirildi.

Foto: “RIA Novosti”

Joriy yilning 31-oktabr AQShning Nyu-York shahrida terakt sodir etildi. Uni ijro etishda O‘zbekistonning 29 yoshli fuqarosi Sayfullo Soipov gumon qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining tegishli organlari bu taxminni tasdiqlaydi. Soipov Sayfullo Habibulayevich 1988-yil 8-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 2005-yili kasb-hunar kollejini tamomlagan, 2005–2009-yillarda Toshkent moliya institutida o‘qigan. OTMni tamomlagach, poytaxtdagi “Sayohat” mehmonxonasiga buxgalter sifatida ishga kirgan. AQShga chiqib ketguniga qadar S. Soipov jinoiy javobgarlikka tortilmagan va, umuman olganda, huquq-tartibot organlari nigohiga tushmagan.

2010-yili Sayfullo Soipov grin-kart viza lotereyasini yutib olib, o‘sha yili AQShga chiqib ketgan. Oxirgi bir necha yil davomida u O‘zbekistonda tug‘ilgan, AQShda vaqtincha yashab turgan ayol bilan fuqarolik nikohida bo‘lgan. O‘sha paytdan beri S. Soipov O‘zbekistonga biror marta kelmagan va hali ham Toshkentda istiqomat qilayotgan ota-onasi bilan ko‘rishmagan.

AQShda ekan, S. Soipov tegishli yuridik normalarga zid ravishda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida konsullik ro‘yxatlariga turmagan.

Mahalla bo‘yicha qo‘shnilari S. Soipovga juda ijobiy tavsif bermoqda: ularning so‘zlariga qaraganda, u hech qanday gumon keltirib chiqarmagan, har doim boshqalarga nisbatan o‘zini bosiq va do‘stona tutgan. Farovon oilada tarbiyalangan. Uning ota-onasi an’anaviy islomga ishongan va ekstremistik oqimlar bilan aloqada gumon qilinmagan.

AQShga ko‘chib o‘tgach, Sayfullo Soipov yopiq odamga aylanib, radikal guruhlar ta’siriga tushib qolgan. Bu haqda AQSh OAV uni bilgan odamlarga tayanib xabar qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining AQSh Prezidenti Donald Trampga yuborgan maktubida Nyu-Yorkdagi beayb insonlar hayotini olib ketgan terrorchilik akti munosabati bilan chuqur ta’ziya bildirdi. Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston tomoni terakt tergovida barcha kuch va vositalarni ishlatishga tayyorligini bildirdi.