Jahon banki O‘zbekistonga investitsiyalar hajmini oshirishga, ishbilarmonlik muhitini yaxshilaydigan iqtisodiy islohotlar loyihasini taklif etdi. Tavsiyalar 1-noyabr kuni Jahon banki guruhining “Biznes yuritish – 2018” mavzuidagi yillik reyting prezentatsiyasi chog‘ida aytib o‘tildi. Ushbu reytingda O‘zbekiston 13 o‘ringa ko‘tarilib, 74-o‘rinni egalladi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Jahon bankining yetakchi iqtisodiyotchisi Stefka Slavova O‘zbekiston joriy yilda katta yutuqlarga erishgan sohalarni sanab o‘tib, hali ishlash lozim bo‘lgan biznes muhiti komponentlariga e’tibor qaratdi.
“Mamlakatda uch yildan beri biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ‘bir oyna’ tizimi ishlaydi. Ammo baribir elektron jarayonlar qog‘oz jarayonlar o‘rnini to‘liq egallamadi”, — dedi u.
Jahon banki, shuningdek, sinov tariqasida bojxona tozalashi uchun yagona elektron oyna ochishni taklif etmoqda, bu import-eksport operatsiyalari muxlatlarini qisqartiradi.
“Xalqaro savdo bo‘yicha ko‘p ish qilish kerak, — dedi Stefka Slavova. — hozir bu mamlakatdagi faoliyat sohalarining eng zaiflaridan biridir. Yuridik talablar va amaliyot o‘rtasidagi uzilish bor. Qog‘ozda yozilgan qoidalar ishlamaydi”.
Iqtisodiyotchi bu sohadagi tendensiyalarni sanab o‘tdi:
Muvofiqlik sertifikatini olish yoki uning ikki tomonlama kelishuv asosida tan olinishi murakkab jarayon bo‘lib qolmoqda.
Qog‘ozli jarayonlardan foydalanilganda texnik ruxsatnomalar olish kamroq vaqt talab etadi — bu qisman normativ baza shakllantirilganiga bog‘liq, lekin ayrim idoralar restrukturizatsiyasi va noadekvat avtomatizatsiyasi ham bunga sabab bo‘ladi.
Import va eksport tovarlari bojxona qiymatining aniqlanishi xalqaro prinsiplariga to‘la mos kelmaydi.
Bojxona organlari chegarada yuklarni tekshirganda tahdidlarni baholash metodikasidan foydalanmaydi.
Sohani yo‘lga qo‘yish uchun Jahon banki xalqaro savdoda ishlatiladigan tizimlar bilan muvofiqlashtirishni, foydalanuvchilarning avtomatlashtirilgan tizimdan foydalanishini qulaylashtirishni taklif qilmoqda.
Ekspertlar, shuningdek, Braziliya tajribasini o‘rganib chiqishni tavsiya qilmoqda. Ushbu mamlakat bojxona, soliq va ma’muriy organlarni birlashtiruvchi elektron tizim tufayli transchegaraviy savdoni 72 soatga tezroq amalga oshirmoqda.
O‘zbekistondagi biznes sohasining yana bir muammosi, hisobotda aytilishicha, qurilishga ruxsat olishdir.
“Jahonda o‘sib borayotgan tendensiya — xususiy sektorni, mustaqil muhandislarni yoki ixtisoslashgan qurilish firmalarini qurilish nazorati va inspeksiyasiga jalb etilishidir”, — qayd qilib o‘tdi Stefka Slavova va O‘zbekiston bu tajribani o‘zlashtirishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Izoh (0)