Jasurbek Ibrohimov ishi yuzasidan sud majlislariga raislik qilgan Mirobod tuman jinoiy ishlar bo‘yicha sudi raisi o‘rinbosari Matchonboy Matchonov ayblanuchi Islombek To‘laganovga hukm o‘qilganidan so‘ng jurnalistlarning savollariga javob berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Eslatib o‘tamiz, 30-oktabr, dushanba kuni Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan Islombek To‘laganovni olti yilga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqardi.

O‘z navbatida, advokat Lola Ismailova jabrlanuvchi tomonning Mirobod tumani IIB olib borgan tergovdan, shuningdek, dastlabki tergov organlari ixtilofning barcha ishtirokchilari telefon qo‘ng‘iroqlari haqidagi ma’lumotlarini olmaganidan norozi ekanligini bildirdi. “Gazeta.uz” muxbirining bu boradagi savoliga javob berarkan, Matchonboy Matchonov dastlabki tergov ishlari amaldagi qonunchilikka muvofiq olib borilganini aytdi. Uning so‘zlariga qaraganda, aks holda sud xususiy tushuntirish chiqarib, dastlabki tergov kamchiliklarini ko‘rsatgan bo‘lardi.

“Telefon qo‘ng‘iroqlari va boshqa guvohlarga keladigan bo‘lsak, qonunga muvofiq, biz telefon qo‘ng‘iroqlari haqida ma’lumot so‘rashga haqli emasmiz. Bundan tashqari, himoya tomoni sudga konkret so‘rov kiritmadi. Konkret fuqarolarga oid telefon qo‘ng‘iroqlari va boshqa hujjatlar so‘ralganda, ular qanday maqsadda so‘ralgani asoslab berilishi lozim. Foydalanish uchun so‘ray olmaymiz. Bu shaxslarning huquqlarini buzish bo‘ladi”, — dedi u.

O‘qituvchilar va shifokorlarga qarshi sanksiyalar ko‘rilishi mumkinligi haqida gapirar ekan, sudya oliy va o‘rta maxsus vazirligi uchun shaxsiy ko‘rsatma chiqarilganini ma’lum qildi.

“Uning asosida javobgar shaxslar, o‘ylaymanki, mehnat qonunchligi, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlarga muvofiq jazosini oladi. Ularni xatti-harakatlarida hozircha jinoyat qonunchiligi buzilishini aniqlamadik. Balki, ma’muriy qonunbuzarlik bordir. Vazirliklar tashabbuskorlar bo‘ladi”, — dedi sudya.

Guvohlar Bekzod Sobirov, Temur To‘xtayev, Temur Bayzitov, Hurmat Hayitboyev va Muhammad Po‘latovlarning harakatlarida ham sud tomonidan jinoiy ish ochishga sabab bo‘ladigan sabablar topilmadi, deb aniqlashtirdi Matchonboy Matchonov.

Advokat Lola Ismailova jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida jabrlanuvchi tomon Islombek To‘laganovga belgilangan jazoni to‘g‘ri deb hisoblashini ta’kidlab o‘tdi.

“E’tirozimiz yo‘q, bu to‘g‘ri muxlat. Lekin, bizning fikrimizcha, baribir uning kamida bitta hamtovog‘i bor. Aks holda nega bolalar uning tarafini oldi”, — dedi u.

Lola Ismailova telefon qo‘ng‘iroqlari haqidagi ma’lumotlar nega so‘ralganiga aniqlik kiritib o‘tdi:

“Dastavval mashg‘ulotlardan o‘n daqiqaga o‘tib Bayzitovga qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Agar ular birga bo‘lsa, qo‘ng‘iroq bo‘larmidi? Bu bo‘lmagan gap. Fikrimcha, ular bir-birini mashg‘ulotlardan chiqarib, mushtlashuvga borgan”.

Advokat jabrlanuvchi tomoni sud qarori ustidan shikoyat qilmay, mushtlashuvning boshqa ishtirokchilari yuzasidan prokuraturaga murojaat etishi mumkinligini aytdi.