26-oktabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi davlat tashkilotlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh Jizzax shahrining markazida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov nomiga bag‘ishlangan maydonni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Maydon 6-noyabr kuni ochilishi rejalashtirilgan.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

“Maydon ko‘rkamligi va did bilan har tomonlama loyihasi puxta ishalanganligi barchani e’tiborini tortdi. Unda qurilayotgan binolar atrofida Jizzax shahrining katta-yu kichigi mehnat qilmoqda. Maydon markazida Sharof Rashidov haykali qad rostlamoqda, uning orqasida to‘rt yulduzli hashamatli ‘O‘zbekiston’ mehmonxonasi, ‘Bo‘ston’ restorani, yon qismida kutubxona va axborot-resurs markazi joylashmoqda, ‘Xo‘ja Nuriddin’ madrasasi oldida xalq shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiyaning haykali o‘rnatilmoqda, uning orqa qismida joylashgan Sharof Rashidov muzeyining ta’mirlash ishlari yakuniga yetmoqda”, — deyiladi xabarnomada.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, hukumat rahbari “Xo‘ja Nuriddin” madrasasini ichki ta’mirlanishida qator taklif va topshiriqlar berdi.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Sharof Rashidov muzeyining eksponatlar joylashadigan zalida Madaniyat vaziri B. Sayfullayev va uning o‘rinbosari K. Akilova hukumat ishchi guruhiga muzey ashyolarini qay tarzda joylanishi yuzasidan axborot berdi. Shuningdek, guruh ta’mirlash ishlari yakuniga yetayotgan Jizzax viloyati musiqali drama teatriga ham tashrif buyurdi.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, 26-oktabr kuni Abdulla Aripovga hamrohlik qilgan Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Uzoqov 30-oktabr kuni 2017-yilgi paxta mavsumida viloyatda hosil qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilgani tufayli ishdan olindi.