Bangkokda bir yil muqaddam vafot etgan Tailand qiroli Pxumipon Adulyadetning dafn marosimiga bag‘ishlangan besh kunlik marosimlar tugadi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Yetmish yil davomida Tailandni boshqargan qirol 2016-yili vafot etgan edi. Odatga ko‘ra, uning tanasi bir yil davomida saqlab turildi, shu vaqt ichida mamlakatda motam davom etdi. Dafn marosimlari besh kun davom etdi.
Turli diniy marosimlar bilan birga o‘tkazilgan dafn mamlakatning barcha telekanallaridan translyatsiya qilindi. Marhum qirol Rama IX ning yagona o‘g‘li, amaldagi qirol Maxa Vachiralongkorn (Rama X) o‘tirgan avtokortej marhumning xoki solingan idishni Bangkokdagi Ratchabofit ibodatxonasiga olib bordi. Chakri sulolasi vakillarining xoki an’anaga ko‘ra shu ibodatxonada saqlanadi.
Yana bir dafn idishi Bovonnivet buddaviy ibodatxonasiga olib borildi. Pxumipon Adulyadet yoshligida qisqa muddat rohib bo‘lib xizmat qilganida aynan shu ibodatxonada yashagan.
Motam kortejiga qirollik chavandozlari boshchilik qildi. 77 otliqdan iborat eskadronga shaxsan malika, amaldagi qirolning qizi Sirivanvarinarirat boshchilik qildi.
Shuningdek, Rama IX ning qoldiqlari Katta qirol saroyidagi Chakri Maxa Prasat taxt zaliga olib borildi.
Izoh (0)