“Paxtakor” va “Bunyodkor” klublari o‘rtasidagi Oliy Liga 26-turida Kamoliddin Tojiyevning o‘yindan tashqari holatdan urgan yagona goli Shota Arveladze jamoasiga g‘alaba keltirgandi. “Championat.asia” nashri Sport-TV translyatsiyasidan skrinshot keltirib, bellashuv taqdirini hal qilgan yagona gol ofsayddan kiritilganini ko‘rsatib berdi.

Foto: “Championat.asia”

Toshkent derbisi Arveladze boshqaruvidagi “Paxtakor”ning “Bunyodkor” ustidan g‘alabasi bilan tugadi

PFL 2-davraning eng markaziy o‘yinlaridan birini boshqarishni tajribali referi Ravshan Ermatovga emas, balki Aziz Asimovga ishonib topshirdi. Ermatov esa deyarli hech narsani hal qilmaydigan “Neftchi” — “Qizilqum” o‘yinida ishladi.

Toshkent derbisida Asimovga qanotlarda Aleksandr Sidorov va Doniyor Saylavov yordam berdi. Bellashuv nazoratchisi shu kuni bosh hakam Asimovni 7,8 ballga loyiq ko‘rdi. Qanot hakamlaridan Sidorov 8 ball oldi. Uchrashuvda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygan va ayniqsa, o‘yin taqdirini hal qilgan yagona golda offsaydni ko‘rmagan Doniyor Saylavov 4 ball, ya’ni, maktab mavqesida “2” baho oldi.

“Bunyodkor”ning Bekobodda o‘tgan “Metallurg”ga qarshi o‘yinida ham (1:1) qanot hakamlarining xatolari Toshkent klubiga qimmatga tushgani borasida norasmiy ma’lumotlar bor. PFL bu borada aniq ma’lumot bermagan.

Qayd etish kerak, “Paxtakor” ishtirokidagi qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda mojaro kelib chiqmoqda. Shularning ketma-ket 3 tasida vaziyat bevosita futbol hakamlari bilan bog‘liq ekani qiziq holat. Namanganda kechgan “Navbahor”ga qarshi o‘yindan keyin mezbonlar jarima bilan jazolangan bo‘lsa, Toshkentdagi “Qo‘qon—1912”ga qarshi uchrashuvdan keyin PFL 4 hakam va nazoratchini mavsum yakuniga qadar futboldan chetlashtirib yuborgandi. Bunda uchrashuvning borishiga umuman aralashmagan 4-hakam nega chetlashtirilgani PFL tomonidan tushuntirilmadi. Nazoratchi esa o‘yinni saviyasiz boshqargan hakamlarga yuqori baho qo‘ygani uchun jazolandi.

Do‘ppisini ol desa... Qanot hakami xato qildi, O‘FF esa 4 hakam va nazoratchini futboldan chetlatdi

So‘nggi turni “Paxtakor” Buxoroda o‘tkazib, 2:0 hisobida zafar quchdi. O‘yinning borishini Sherzod Qosimov “Buxoro” darvozasiga belgilagan penalti o‘zgartirib yubordi. Bunda penalti aslida yo‘qligi borasida bahs avj oldi, biroq Sherzod Qosimov ishi ko‘rib chiqilmadi. Voqeadan junbushga kelgani uchun “Buxoro” klubi yakunda 55 million so‘m jarimaga tortildi.

“Paxtakor” kelgan o‘yinda “Navbahor” jarima to‘lagandi. Endi shunday o‘yindan keyin “Buxoro” 55 millionga tushdi

Va endi Toshkent derbisida “Paxtakor” yaqqol offsayddan kiritilgan gol sabab 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Quyida qanot hakami Doniyor Saylavov yo‘l qo‘ygan 2 ta jiddiy xato ko‘rsatib o‘tiladi. Biri 66-daqiqada ro‘y bergan. To‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tmagan bo‘lsa-da, laynsmen uni gol deb e’lon qilgan va markazga yugurgan. Xushyor tortgan bosh hakam Aziz Asimov esa qanot hakami bilan vaziyatni muhokama qilgan va barcha mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olib, ko‘rinishidan adolatli qaror chiqargan va golni hisobga olmagan.

85-daqiqada esa qanot hakami Kamoliddin Tojiyev tomonidan kiritilgan golni baribir inobatga oldi va maydon markaziga yugurdi. Asimov esa ikkinchi bor unga qarshi chiqa olmadi. Takroriy lavha ko‘rsatib berdiki, Kamoliddin Tojiyevdan tashqari “Paxtakor”ning yana bir futbolchisi ham o‘yindan tashqari holatda bo‘lgan.

“Paxtakor” va “Bunyodkor” klublari Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgandi. Mazkur mag‘lubiyatdan keyin Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi “Bunyodkor”ning chempion bo‘la olmasligi rasman oydinlashdi. “Nasaf” va “Paxtakor” esa oltin medallar uchun kurashni davom ettiradi.

“Bunyodkor” O‘zbekiston Kubogi finaliga yo‘l olib ulgurgan. Agar hal qiluvchi final o‘yinida “qaldirg‘ochlar” “Lokomotiv”ni taslim qilsa, kelasi mavsumni Chempionlar Ligasida o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.