O‘FF yangi rahbariyat qo‘liga o‘tganidan buyon mamlakat Oliy Ligasi o‘yinlaridan keyin uchta hakam jiddiy jazolandi.

Foto: “Championat.asia”

Rustam Bobomurodov “Buxoro” — “Dinamo” (0:0) o‘yinidan keyin futboldan umrbod chetlatilgan bo‘lsa, “Sho‘rtan” — “Navbahor” (3:3) o‘yinini boshqargan Olim Tolibjonov 10 ta bellashuvga diskvalifikatsiya qilindi. Va nihoyat, “Paxtakor” — “Qo‘qon—1912” (2:0) bellashuvini boshqargan hakamlar brigadasi, ularga qo‘shilib uchrashuv inspektori yoppasiga mavsum yakuniga qadar futboldan tashqariga chiqarildi.

Foto: “Championat.asia”

“Championat.asia” nashri jurnalisti Xayrulla Xoliqov Oliy Liga 24-turidan o‘rin olgan uchrashuvda hakamlar qanday xatolarga yo‘l qo‘yganini tahlil qildi. Hakamlar Qo‘mitasi yig‘ilishida ayblanuvchi hakamlar uchrashuvni sifatsiz boshqargan, deyildi. Biroq aynan qaysi jabhalarda xatoga yo‘l qo‘ygani konkret aytilmadi. O‘yinni qaytadan o‘rganib chiqqan jurnalist esa 3 ta bahsli vaziyatga to‘xtaldi. Ulardan 2 tasida “Paxtakor”ning, 1 tasida esa “Qo‘qon—1912”ning hisob ochuvchi goli inobatga olinmagandi.

Birinchi vaziyat

Foto: “Championat.asia”

Uchrashuvning 6-daqiqasida “Qo‘qon-1912” futbolchisi Filipp Rayevats hisobni ochadi. Bu vaziyatda o‘yindan tashqari holat yo‘q edi va bemalol aytish mumkinki, qanot hakami Bahodir Bahromov xatoga yo‘l qo‘ygan.

Ikkinchi vaziyat

Foto: “Championat.asia”

35-daqiqa. Bu safar “Paxtakor”ning goli hisobga olinmaydi. Bu gal Nabi Ro‘zimov bayroqchasini ko‘taradi va ofsaydni belgiladi. U bayroqchasini to‘g‘ri ko‘targan, chunki Igor Sergeyev chindan ham o‘yindan tashqari holatda bo‘lgan.

Uchinchi vaziyat

Foto: “Championat.asia”

2:0 hisobida oldinda borayotgan “Paxtakor” 70-daqiqada yana to‘p kiritdi. Dastlab jarima maydonchasi tashqarisidan futbolchi to‘pni darvoza tomon yo‘lladi. Darvozabondan qaytgan to‘p Igor Sergeyevga kelib tushdi, u esa to‘pni o‘zidan qulayroq vaziyatda turgan Bezerraga yetkazib berdi va braziliyalik futbolchi gol uradi.

Bahodir Bahromov bu safar Sergeyevni o‘yindan tashqari holatda hisoblab, bayroqchasini ko‘taradi. Vaziyatga ikki xil yondoshish mumkin, to‘p darvozaga tepilgan, demak, Sergeyevda passiv o‘yindan tashqari holat, to‘p qaytganida mana shu futbolchi uni egallagan. Hakamlar Qo‘mitasi bunday vaziyatda qaror qanday bo‘lishi kerakligi haqida ochiq ko‘rsatma bermaganidan keyin, jurnalistlar aniq fikr ayta olmaydi.

Bitta qanot hakamining 2 ta xatosi sabab 4 nafar hakam va ularga yaxshi baho qo‘ygan inspektor Igor Nexochin mavsum yakuniga qadar “dam oladigan” bo‘ldi. Jurnalist bunda savol qo‘yadi: laynsmenga ishongan bosh hakam, shu kuni to‘g‘ri ishlagan laynsmen Nabi Ro‘zimev va o‘yinga umuman aralashmagan to‘rtinchi hakam Asker Najafaliyevda nima ayb?

Quyida xatoga yo‘l qo‘ygan hakamdan tashqari qolgan uchta hakam o‘z fikrlarini bildirgan.

Ishda hamma xato qiladi, xato qilmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Kamdan-kam hakamlargina o‘yinni bexato boshqarishi mumkin.

Men o‘zimni o‘yinda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydim, deb hisoblamayman. Maydonda nimani ko‘rgan bo‘lsam, shunga qarab qaror chiqardim. Men uchun Oliy Liganing har bir o‘yini finaldek gap. Har bir bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘raman.

Tan olish kerak, uchrashuvda qanot hakami qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Uning o‘yinga tayyor emasligi ko‘rinib qoldi. Hammamiz insonmiz, toliqish hammada bo‘lishi mumkin, ammo o‘zimni o‘sha o‘yinni qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan holda boshqardim demayman.

Vadim Agishev, bosh hakam

O‘yin tugaganidan so‘ng nazoratchi oldimizga kelib, xatolarni tushuntirdi va bizga baho qo‘ygach, hammamiz tarqaldik. Men Sergeyevning hisobga olinmagan golini keyinchalik takroriy vaziyatda ko‘rdim va o‘yindan tashqari holat borligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Lekin maydonning narigi tomonidagi sherigim ishiga baho bermayman. Men faqat maydonning bu qismi uchun javobgarman.

Mavsum oxirigacha chetlatish men uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Bu haqda tanishlarimdan eshitdim. Ular internetdan o‘qib, keyin menga telefon qilishdi. Bu yil hakamlik faoliyatimni tugatishim kerak edi. Uni chiroyli yakunlab qo‘yishnigina istagandim...”

Nabi Ro‘zimov, qanot hakami

Hozir o‘qishdaman, shu bois bu haqda bir narsa deyishim qiyin. Men uchrashuvda zaxira hakami vazifasini bajardim. O‘yinga aralashmagan bo‘lsam, meni nega chetlatishdi, hayronman. Lekin bizni federatsiyaga chaqirib, izoh so‘rashgani yo‘q. Chaqirishsa, boramiz.

Asker Najafaliyev, to‘rtinchi hakam

O‘FF hakamlarning chetlatilgani bo‘yicha xabar berdi, biroq ularning birortasini ham yetarli darajada ochiqlab bermadi.