Milliy xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati boshqarmasi, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan 19-oktabr kuni olib borilgan tezkor tadbir natijasida spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchi yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Farg‘ona shahridagi Mangulik ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Ominaxon Akbarova o‘z xonadonida yashirin tarzda qo‘lbola spirtli ichimliklar tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan.
Xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, qo‘lbola aroq mahsulotlari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan yashirin sex faoliyat yuritayotgani, xususan, ushbu sex ishchisi Mirjalol Samatov turli nomdagi qo‘lbola aroq mahsulotlarini tayyorlayotganligi aniqlandi.
Yashirin sexni ko‘zdan kechirishi natijasida yarim litr hajmli shishalarda “Medoviy vkus”, “Maskov”, “Mastona” nomli qo‘lbola aroq mahsulotlari, 595 litr etil spirti, 840 litr tozalangan mineral suv, yarim litr hajmli 800 dona bo‘sh shisha, 23 875 dona aksiz marka, 56 500 dona aroq idishi qopqoqlari, 8 417 dona va ikki o‘ram (“Maskov”, “Mastona”, “Tundra” nomli) yorliq, 39,7 kilogram qog‘oz quti, aroqni qadoqlash uskunasi, qadoqlash uchun 30,3 kilogramm polietilen plyonka, spirt haroratini o‘lchovchi uskuna va raqamli muhr borligi aniqlandi.
Tadbir davomida umumiy qiymati salkam 58,5 million so‘mlik 595 litr etil spirti, 123 litr qo‘lbola usulda tayyorlangan spirtli ichimlik ashyoviy dalil sifatida olindi. “Hozirda yuqoridagi holat bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi rasmiy axborotda.
Izoh (0)