Andijonda laboratoriya-sinov majmuasi ishga tushirildi, unda mutaxassislar mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektr texnika sohasi korxonalari mahsulotlarini ekspertizadan o‘tkazadi, deb yozadi “1news.uz”.
Eng yangi uskunalar bilan jihozlangan obyekt Prezidentning 28-apreldagi “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yaratildi.
Loyihani amalga oshirish uchun viloyat hokimligi sobiq ip gazlama birlashmasining bo‘sh hududini ajratib berdi, “O‘zstandart” agentligi esa 2,6 milliard so‘m yo‘naltirdi, shuning 1,8 milliardi bino qurilishiga sarflandi.
“Hududda GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi uchun butlovchi va ehtiyot qismlar chiqaradigan yuzdan ortiq yirik korxonalar faoliyat yuritadi, — dedi “Andijon sinov va sertifikatlash markazi” direktori Abduolim Chakalov. — Bungacha ular respublikaning boshqa viloyatlarida yoki chet elda sinov o‘tkazishga majbur bo‘lar edi. Endi esa bu xizmatlar viloyatning o‘zida ko‘rsatiladi”.
2018-yilda laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgan. Shunda andijonlik mutaxassislar tomonidan sertifikatlangan mahalliy mahsulotlar jahon bozoriga chiqishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)