Amerikalik sotsiologlar AQSh fuqarolari nimadan ko‘proq qo‘rqishlarini aniqladi. Tadqiqot natijalari Chempen universitetining saytida e’lon qilindi, deb xabar berdi “RIA Novosti”.

Foto: AFP

Ijtimoiy so‘rovda turli shtatlardan bo‘lgan 1207 nafar respondent ishtirok etdi. Ularning har biriga 80 ta “potensial qo‘rqinchli” hodisa taqdim etildi.

Amerikaliklar ko‘proq korrupsiya va sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibatlardan qo‘rqishlari aniqlandi — bu haqda so‘rovda ishtirok etganlarning tegishli ravishda 74 va 55 foizi ma’lum qildi. Shuningdek, okean va daryolarning ifloslanishidan (53 foiz) hamda ichimlik suvidan zaharlanishdan (50 foiz) jiddiy qo‘rqishadi.

Amerikaliklarning yarmi yashash uchun yetarli bo‘lgan vositalarsiz qolishdan, yarmidan kamrog‘i esa tibbiy xizmatlar narxlarining ko‘tarilib ketishidan qo‘rqadi. Yangi jahon urushining boshlanishi va iqlimning fojiali o‘zgarishidan so‘rovda ishtirok etganlarning 48 foizi qo‘rqishini ma’lum qilgan. Yana shuncha odam KXDR yadroviy dasturidan xavfsiramoqda. Birinchi o‘nlikni havoning ifloslanishidan qo‘rqish yakunlagan.

Reytingdagi so‘nggi o‘rinlarni zombilar, arvohlar va hayvonlar egallagan. Tirik murdalar amerikaliklarning 5,4 foizi, arvohlar esa 4,3 foizinigina qo‘rquvga soladi.