Jahon turizm va sayohat ekspertlari O‘zbekistonni yaqin kelajakda sayyohlar oqimi yanada ortishi kutilayotgan besh davlat qatoriga qo‘shmoqda. Ular mamlakatda keyingi o‘n yil ichida turizmning yiliga 7 foizdan o‘sib borishini bashorat qilmoqda. Bu haqda O‘zAda chop etilgan materialda aytildi.
Materialda aytilishicha, turizm ayniqsa XXI asrga kelib keng taraqqiy etmoqda. Bugungi kunda turizm sanoati dunyoda eng ilg‘or va serdaromad sohalardan biriga aylandi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 200 millionga yaqin kishi ushbu sohada mehnat qiladi, jahon iqtisodiyotida xalqaro turizmdan tushayotgan daromad 1 trillion dollardan ko‘proqni tashkil qilmoqda, dunyo bo‘yicha sayyohlar soni yiliga 4–5 foizga ko‘payib, har yili boshqa davlatlarga sayohat qiluvchilar soni 1 milliarddan oshmoqda.
O‘zbekistonda 7 mingdan ortiq tarixiy va madaniy yodgorlik mavjud. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari YuNESKOning jahon merosi durdonalari ro‘yxatiga kiritilgan. Bugun mamlakatda 800 dan ortiq sayyohlik tashkiloti faoliyat ko‘rsatadi, 600 dan ortiq zamonaviy mehmonxona, sayyohlik bazasi va kemping bor. Dam olish maskanlari yil sayin ko‘payib, xizmat ko‘rsatish turlari va sifati yuksalib bormoqda. Yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilayotgani, transport-kommunikatsiya tizimi xalqaro standartlar darajasiga keltirilayotgani soha rivojiga, mamlakatimizga kelayotgan sayyohlarning ko‘payishiga zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlagan ma’lumotiga ko‘ra, 2017-yilning birinchi yarmida 1 million 125 ming sayyoh mamlakatga kelgan. Bu 2016-yilning mos davri bilan solishtirganda 18 foiz ko‘pdir. Shuningdek, mamlakatda sayyohlik xizmatlari eksporti joriy yilning olti oyida 694,5 million dollarni tashkil qilgani qayd etilgan.
Bugun O‘zbekistonda 11 xalqaro aeroport xizmat ko‘rsatadi. Milliy aviakompaniya zamonaviy avialaynerlar bilan ta’minlangan. Ushbu samolyotlar Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikaning 50 dan ortiq shahriga muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
21–24-sentabr kunlari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi delegatsiyasi Yaponiyada bo‘lib o‘tgan JATA tourizm EXPO yarmarkasida ishtirok etib qaytdi. Qo‘mita mutaxassisi Temir Mirzayevning aytishicha, yarmarka doirasida mamlakat delegatsiyasi “Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishida turizmning o‘rni” mavzuidagi konferensiyada ishtirok etib, sohani rivojlantirish, xorijiy sayyohlarni qabul qilish, xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishdagi yangi imkoniyatlarni muhokama qilgan.
Izoh (0)