O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachyovni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, yuqori va oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining izchil rivojlanishi va yanada mustahkamlanishiga, turli sohalar, jumladan, qishloq xo‘jaligida o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida qulay sharoitlar yaratish va zamonaviy savdo-logistika infratuzilmasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Agrar sohada kooperatsiyani kuchaytirish va qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, jumladan, veterinariya preparatlari va diagnostika vositalari, tarmoq uchun malakali mutaxassislar tayyorlash muhimligi qayd etildi.
Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Vladimir Putin va hukumat raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Aleksandr Tkachyov Rossiya ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)