Har qanday qiyinchiliklar oldida taslim bo‘ladigan ota-onalar bu fe’l-atvorini farzandlariga o‘tkazadi. “TASS”ning Daily Telegraph gazetasiga asoslanib ma’lum qilishicha, gap irsiyatda emas: go‘daklar odamlarning fe’l-atvorini ko‘chirishga moyil bo‘ladi va birinchi navbatda ota-onasidan ibrat oladi.
Buni Massachusets texnologiya universiteti olimlarining tadqiqoti tasdiqlaydi. Tadqiqot natijalari Science jurnalida chop etildi. Aniqlanishicha, bolalar 15 oyligidan boshlab ota-onasining qiyinchiliklarni yengish yoki, aksincha, ularning oldida taslim bo‘lish odatini o‘rganadi.
Tajriba chog‘ida go‘daklar uch guruhga bo‘lindi. Har bir guruhda bolalar yoshi katta uch kishidan biri ma’lum vazifani bajarishini kuzatib bordi. Odatda bu konteynerni ochish yoki o‘yinchoqni brelokdan yechish edi. Birinchi guruhda vazifa 30 sekundda, ikkinchisida 10 sekundda bajarildi. Uchinchi guruhda esa bu ish oxiriga yetkazilmadi. Keyinroq bolalarga maxsus tugma yordamida musiqiy qutichani ishga tushirish taklif etildi. Yoshi katta odamlar qo‘yilgan vazifani muvaffaqiyatli ado etganini ko‘rgan bolalar bu ishni bajara oldi, oxirgi guruhda esa bolalar qutichani ishga tushirishga qiynaldi.
Izoh (0)