O‘zbekiston tomonining taklifiga binoan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tashrif doirasida 20-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiya Xavfsizlik kengashlari apparatlari o‘rtasida navbatdagi maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, huquqni muhofaza qilish va bojxona organlari, favqulodda vaziyatlar vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar, shuningdek, harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi. Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar joriy yilning 4–5-aprel kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Tashrif doirasida Rossiya delegatsiyasining Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar bilan tanishishi, shuningdek, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning qabriga gul qo‘yishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)