O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi hukumat topshirig‘i asosida Kaliforniya shtatidagi Kremniy vodiysida joylashgan Cisco kompaniyasining bosh qarorgohida bo‘ldi. Bu haqda vazirlik saytida ma’lum qilindi.
Bu yerda kompaniyaning strategiya, texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Dag Vebster bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida Cisco vakillari kompaniyaning jahon miqyosida iqtisodiyotni raqamlashtirish, kiberxavfsizlik bo‘yicha yechimlari, “buyumlar interneti” (IoT) tendensiyasiga asoslangan “aqlli” va xavfsiz shahar loyihalari yuzasidan nuqtai nazariga oid taqdimot, shuningdek, jamoaviy hamkorlik va muloqotni o‘rnatishga oid IT-takliflari bilan chiqish qildi.
Cisco hamda vazirlik o‘rtasida O‘zbekistonda xavfsiz va “aqlli” shaharni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish yo‘nalishida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Kelishuvlar natijasida imzolangan hujjatga ko‘ra, istiqbolda quyidagi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirish belgilab olindi:
- “Aqlli shahar” (Smart City) hamda “buyumlar interneti” (IoT) konsepsiyasini ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashish;
- Kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi boshqaruv amaliyotini takomillashtirishda hamkorlik qilish;
- O‘zbekistonda axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish orqali mamlakatda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlarda ishtirok etish;
- Keng polosali internetga ulanish sohasida qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashish.
Ma’lumot uchun, 1984-yilda asos solingan Cisco kompaniyasi tarmoqli texnologiyalar, aholi va muassasalar uchun ilg‘or muloqot va aloqa almashish platformalarini ishlab chiqishda jahonda peshqadam hisoblanadi. Kompaniyaning 2016-yilda texnologiyalar va xizmatlarni sotishdan olgan daromadi 46 milliard dollarni tashkil etdi.
Izoh (0)