Olimlar Xanti-Mansiysk avtonom okrugi — Yugrada joylashgan “Nex-Uriy” arxeologik yodgorligidan birinchi bor ilk neolit davriga oid kvarsdan ishlangan sandonni topdi. Bu haqda 18-sentabr, dushanba kuni Ural arxeologik ekspeditsiyasi ilmiy xodimi Yelena Danilova ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Eramizdan oldingi 6 ming yillikka oid kvarsdan ishlangan sandon topildi, bu noodatiy topilma. Shu paytga qadar biz bunaqa buyumni topmaganmiz. Ushbu artefakt hozirgi yuzadan 2,5 metr chuqurlikdan topildi. U qo‘l urilmagan tuproq qoplami bilan bekilib qolgan bo‘lib, bu ham kutilmagan holat”, — deydi agentlik suhbatdoshi.
Uning so‘zlariga qaraganda, umumiy maydoni 2 ming kvadrat metrga yaqin maydondan sandondan tashqari ilk neolitdan o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrga mansub boshqa buyumlar ham topilgan.
“Bular asosan sopol idishlar parchalari, tosh va metall buyumlar qoldiqlari, qadimiy qurol-yarog‘lar, tosh taxtalardir. Metalldan yasalgan alohida buyumlar, masalan, igna ham bor. Jami 5 mingdan ortiq artefakt topilgan”, —deb qo‘shimcha qildi Danilova.
U materiallarga ishlov berish va restavratsiya qilish bilan yekaterinburglik mutaxassislar shug‘ullanishini ma’lum qildi.
Izoh (0)