Moskva AQShning BMTni isloh qilish bo‘yicha deklaratsiyasini imzolashi ehtimoldan yiroq. Bu haqda Rossiyaning xalqaro tashkilotdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
Nebenzyaga ko‘ra, BMT islohoti deklaratsiyalar qabul qilish bilan emas, barcha a’zo davlatlarning hukumatlararo muzokaralari jarayonida amalga oshiriladi. Mazkur hujjat ilgari surilishidan avval va undan keyin hech qanday maslahatlashuv bo‘lmagani sababli uni a’zo davlatlarning hammmasi ham imzolamasligi mumkin.
“BMT global islohotlarga emas, faoliyatining yaxshilanishi va samaradorligi oshirilishiga muhtoj. Har qanday byurokratik tashkilot qotib qolmasligi, balki doimo yangilanib borishi zarur. Zero, barchamiz BMTning xalqaro sahnada roli oshib borishi tarafdorimiz. Tashkilotga islohotlar kerak, ammo keskin va olamshumul o‘zgarishlar emas”, — ta’kidladi Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili.
Oldinroq AQSh prezidenti Donald Tramp 18-sentabr kuni Nyu-Yorkda dunyoning yetakchi rahbarlari bilan uchrashib, BMTni isloh qilish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishi, uchrashuvga 10 ta banddan iborat deklaratsiyaga imzo chekkan yetakchilar taklif qilinishi bildirilgandi.
Izoh (0)