Buyuk Britaniyada terrorchilik tahdidi eng yuqori darajadan bittadan oxirgi darajagacha tushirildi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri Ember Radd bayonot berdi, deb xabar qiladi “TASS”.
“‘Parsons Grin’ metro bekatidagi teraktdan so‘ng o‘tgan jumada politsiya o‘tkazilayotgan operatsiyada jiddiy siljishga erishdi. Buyuk Britaniyadagi terrorchilik tahdidi darajalarini belgilovchi Terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha birlashgan tahliliy markaz tahdid darajasini ‘favqulodda’ bosqichidan ‘jiddiy’ bosqichiga tushirishga qaror qildi”, — dedi u.
Muqaddam teraktga aloqadorlikda gumondor ikki shaxsning ushlanishi (1, 2) ham terrorchilik xavfi ancha kamayishiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Radd xonim “jiddiy” bosqichi hali ham terrorchilik hujumi ehtimoli mavjudligini bildirishini tushuntirib o‘tdi. Shu bois vazir aholini hushyorlikni saqlashda davom etishga, ammo xavotirga tushmaslikka chaqirdi.