2017-yil dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasi, ya’ni 24-dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi majlisida qabul qilingan “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida”gi qaror bunga asos yaratdi.
MSK raisi M. Abdusalomov boshqargan yig‘ilishda mamlakatda demokratik talablarga va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish kafolatlarini ta’minlaydigan milliy saylov tizimi yaratilgani ta’kidlandi.
Toshkent shahar tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tuzish tumanlar darajasida mahalliy budjetni, hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini ishlab chiqish hamda qabul qilishda muhim o‘rin tutadi. Kengashlar sessiyasida tumanlarda joylashgan mahalliy davlat organlari rahbarlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari va axborotlari tinglanadi. Bu esa fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni hal etishga imkon yaratadi.
Bunday amaliyot poytaxt tumanlarining rivojida muhim omil bo‘lib, jamoatchilikning Toshkent shahridagi ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi ishtirokini kengaytiradi. Aholi vakillarining joylardagi mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish imkonini beradi.
Saylangan deputatlar o‘z vakolatlarini 2019-yil o‘tkaziladigan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga navbatdagi saylovgacha amalga oshiradi.
Shu kunning o‘zida MSK tomonidan brifing tashkil etildi. Unda Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov jarayonining OAVda keng yoritilishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi. Saylovning OAVda keng yoritilishi saylov jarayonining oshkoraligini ta’minlaydi. Bu fuqarolarning saylovda va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishiga xizmat qiladi.
Tadbirda okrug va uchastka saylov komissiyalari ishini tashkil etish, deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish tartibi, saylovoldi tashviqoti, manfaatdor tashkilotlar kuzatuvchilarining ishtiroki va OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish kabi masalalar bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.
Izoh (0)