Navoiy shahrining Ibn Sino ko‘chasidagi oilaviy yotoqxonalar hovlisida kitobga haykal o‘rnatildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda aholi o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Navoiy shahar hokimligi hamda shahar uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi hamkorligida o‘rnatilgan haykal chuqur ramziy ma’noga ega. “Ommaviy madaniyat”ning turli ko‘rinishlariga ko‘r-ko‘rona ergashish o‘rniga jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashga undovchi samarali tarbiya vositasi bu. Noodatiy, ammo zamon talab qilayotgan jonli targ‘ibot bu, deyiladi xabarnomada.
Shuningdek, bu yerda “Tafakkur maydonchasi” tashkil etilib, qariyb 5 kvadrat metrlik shaxmat taxtasi o‘rnatildi. Bu yerda bolalar bo‘ylari barobar donalarda shaxmat o‘ynaydi.
Izoh (0)