Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida 21-avgust kuni taxminan soat 02:30 da noma’lum shaxslar yuziga niqob taqib, D.A.ning uyiga bostirib kirgan. D.A. va uning o‘g‘lining ko‘krak qismiga tepib, Rossiyada ishlayotgan oila boshlig‘i jo‘natgan pullarni topib berishni talab qilgan. Bu haqda O‘zbekiston IIV axborot xizmatiga tayanib, O‘zA xabar berdi.
Noma’lum shaxslar xonadon egalarining 50 dollar va 300 ming so‘m pulini olib, voqea joyidan yashiringan. Holat yuzasidan ko‘rilgan tezkor-surishtiruv choralari natijasida jinoyatni ushbu oilaning ikki qo‘shnisi sodir etganligi aniqlangan va ulat qo‘lga olingan.
Hududlarda vaziyatning barqarorligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlashga qaratilgan chora-tadbirlar, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish ishlari Ichki ishlar vazirligining alohida nazorati ostida davom ettirilmoqda.
Bunda asosiy e’tibor jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilmoqda. 20—26-avgust mamlakat hududida 659 jinoyat sodir etilgan. Bu borada oldingi haftaga nisbatan 76 taga kamayish kuzatilgan.
Sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha tuzilgan tergov-tezkor guruhlari faoliyati natijasida 585 jinoyat “izi yo‘qolmasdan” fosh etilgan. Jinoyatlarni sodir etgan 1022 nafar shaxs, jumladan, ish joyiga ega bo‘lmagan, muqaddam sudlangan shaxslar, shuningdek, 64 ta jinoiy guruh aniqlangan.
Qidiruvda yurgan 151 nafar shaxs ushlangan va 19 bedarak yo‘qolgan kishi topilgan. Ilgari sodir etilib, ochilmasdan qolgan 65 jinoyat fosh etilgan.
Izoh (0)