Barselonadan Madrid shahriga #tour_de_clasico sayohatchilari tezyurar poyezdda yetib keldi. 14-avgust tongida Ispaniya poytaxtidan boshlangan safar, 16-avgust kungi “El-Klasiko” bilan yakuniga yetadi va futbol muxlislari go‘zal Parij sari yo‘l oladi.
Madrid va Barselona bir-biridan katta farq qiladi. Garchi poytaxt bo‘lsa-da, Madrid ko‘rinish va qulaylik borasida Barselona bilan tenglashishi qiyinroq. Turizmning rivojlanganlik darajasi Barselonaga katta foyda keltirgan. Oddiy misol, Barselona aholisi ingliz tilidagi savolingizga javob qaytarishga qiynalmaydi. Madridda esa ular asosan ispan tilida tushuntirishga harakat qiladi.
Barselonaning dengiz bo‘yida joylashgan port shahar ekani ham muhim o‘rin tutadi. Uning go‘zal tabiati turistlarni o‘ziga jalb qila oladi. Shaharda turizm rivojini taqiqlashni istayotgan mahalliy aholi vakillari ham yetarlicha, ular bu borada aksiyalar boshlagan. Ammo qiyin bo‘ladi, boisi sayohatchilar orqali kelayotgan daromadni shunchaki yo‘qotib qo‘yishni istamaydiganlar ham bor.
Madrid muzeylar, haykallar, favvoralar shahriga o‘xshab ketadi. Sayohatlari davomida madaniy va ma’rifiy sohalarga katta urg‘u beradigan sayyohlar undan rohat olishi mumkin.
“Santyago Bernabeu”
Azimut Turizm sayohatchilari uchun Madridning bosh stadioni — “Santyago Barnabeu”dan uncha uzoq bo‘lmagan joydan mehmonxona tayyorlagandi. Bu “Real” o‘yingohiga piyoda 10 daqiqaga qolmay yetib borish mumkin.
Mana endi stadion haqida gap ketganida, “Real” o‘yingohi “Barselona”nikidan ancha zamonaviyroq va yangiroq. Tan olish kerak, “Kamp Nou” qanchalik mahobatli bo‘lmasin, ta’mirtalab joylari bor. Rahbariyat rejalarida bu arenani kapital ta’mirdan chiqarish vazifasi bor. Qiziq tomoni, “Real” ham ortda qolib ketmaslik uchun mana shu zamonaviy stadionini yanada ko‘rkamroq qilish tadorigini ko‘rib qo‘ygan.
Xuddi “Kamp Nou”da bo‘lgani kabi, “Qirollik klubi” ham sayohatchilar tashrifidan katta pul ishlaydi. Uning shonli tarixi, ichki qismi va bor bo‘yini ko‘rish istagida butun dunyodan sayohatchilar oqib keladi. Hatto futbolga u qadar qiziqmaydigan odamlar ham Madrid safari davomida “Santyago Bernabeu”ga bir kirib o‘tadi.
Izoh (0)