Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni “O‘zbekiston 24” saytida keltirildi.
Qarorda aytilishicha, O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi faoliyatida zamon talablaridan orqada qolish, ijodiy sustkashlik, tashabbuskorlikning yetishmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda. Uyushmaning moliyaviy ahvoli va moddiy-texnik bazasi bilan bog‘liq muammolar ham uning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Boy musiqa merosini asrab-avaylash va rivojlantirish, shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan ijodiy tashkilot va jamoalar, kompozitor va bastakorlar, xonanda va sozandalar, yosh ijrochilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning iste’dod va mahoratini ro‘yobga chiqarish, zarur moddiy va ma’naviy yordam berish, soha vakillari o‘rtasida samarali ijodiy muhit tashkil etish bo‘yicha ko‘pgina muhim vazifalar o‘z yechimini kutmoqda.
Yuqorida qayd etilgan dolzarb muammolarni hal qilish hamda O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida Bastakorlar uyushmasi faollar kengashi tomonidan Bastakorlar uyushmasini O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi sifatida qayta tashkil qilish haqidagi qarori ma’qullandi.
Quyidagilar O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining asosiy vazifalari etib belgilandi:
xalqning estetik talab va ehtiyojlarini har tomonlama hisobga olgan holda, zamonaviy ruhdagi badiiy yuksak asarlar yaratish, katta musiqiy asarlar, jumladan, opera, simfoniya, konsert va oratoriya kabi mumtoz janrlar rivojiga alohida e’tibor qaratish;
yosh kompozitorlar, bastakorlar va musiqashunoslar, barcha ijrochilarning ijod bilan samarali shug‘ullanishlari uchun imkoniyat va sharoitlarni kengaytirish;
mamlakatning madaniy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, OAV, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda musiqa san’ati sohasida ijod qilayotgan barcha ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, musiqiy ta’lim-tarbiya sohasini takomillashtirish, mumtoz va zamonaviy musiqa san’atini targ‘ib qilish jarayonlarida faol ishtirok etish;
Madaniyat vazirligi bilan ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, turli ijodiy tanlovlar o‘tkazish, bastakorlar ijodini rag‘batlantirishga qaratilgan konsertlar, festivallar, ijodiy kechalar va boshqa madaniy-ma’rifiy, ommaviy tadbirlarni tashkil etish;
xalqaro madaniy va musiqiy hamkorlik doirasini kengaytirish, yosh kompozitor, bastakor va musiqashunoslarni zamon talablari darajasida tayyorlash, chet davlatlardagi taniqli kompozitorlar va musiqashunoslar bilan o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida soha vakillari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
nizom talablari asosida uyushma a’zolari safini yosh iste’dodli kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslar bilan to‘ldirib borish.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, uyushma a’zosi bo‘lgan faol kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joy yoki yer uchastkalari bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rishi belgilandi.
Qaror ijrosini nazorat qilish bosh vazir A. Aripov va O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi X. Sultonov zimmasiga yuklandi.
Izoh (0)