Turkmanistonning Lebap viloyati hokimi Charigeldi Charliyev rahbarligidagi ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiya 12-avgust kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mehmonlarga viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, o‘zaro aloqalar uchun xizmat qiladigan imkoniyatlar, turizm va boshqa sohalar salohiyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.
Lebap viloyati delegatsiyasi Prezidentning Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi faoliyati, Bahouddin Naqshband majmuasi, uning merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Kogon tumanidagi “Siyovush Komron fud” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli intensiv bog‘ mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Bundan tashqari, turkmanistonlik mehmonlar Ismoil Somoniy maqbarasi, Labi hovuz majmuasi, Ark qal’asi, shuningdek, Minorai Kalon, Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasidan iborat Poyi Kalon majmuasi va boshqa diqqatga sazovor joylarni ziyorat qildi.
“Necha asrlardan buyon ulug‘vorligi bilan barchada havas uyg‘otib kelayotgan Buxoroning tarixiy va ko‘hna yodgorliklaridan hayratdamiz, — dedi turkmanistonlik mehmon Salomat Husainova. — Bu yerdagi har bir obida tarixingiz buyukligi, san’atingiz betakrorligidan darak beradi”.
Safar Nodir devonbegi madrasasida tashkil etilgan konsert dasturi bilan yakunlandi.
Izoh (0)